Shu yilning 13-20 aprel kunlari Kuvayt shahrida VII Xalqaro Qur'oni karim musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizning 2 nafar vakili – Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti talabasi Mahmudov Muhammadyahyo va “Mir-Arab” islom bilim yurti talabasi Mirboboyev Mirabbos mazkur musobaqada ishtirok etdilar. Musobaqa tashkilotchilari vakillarimizni kutib olib, 13 aprel kuni soat 00.30 da “Krovn Plaza” mehmonxonasiga joylashtirib, musobaqa tartibotlari haqida ma'lumot berdi. Barcha ishtirokchilar uchun Kuvayt shahridagi diqqatga sazovor joylarga ziyorat uyushtirildi va ular Qur'on ilmi bo‘yicha yetuk olimlarning Qur'oni karimning fazilati va shu kabi masalalar haqidagi ma'ruzalarini tingladi.
Mazkur musobaqada dunyodagi 60 davlatdan kelgan 100 dan ortiq kuchli Qur'on hofizlari ishtirok etib, ular orasida vakillarimizdan Mahmudov Muhammadyahyo Qur'oni karimni tajvid qoidasi bilan to‘liq yoddan o‘qish yo‘nalishi bo‘yicha qatnashgan bo‘lsa, Mirboboyev Mirabbos esa Qur'oni karimni tajvid qoidalari bilan tilovat qilib berish yo‘nalishida qatnashdi.
Musobaqa davomida Qur'oni karimni yetti xil qiroatda yoddan o‘qish musobaqasida 1-o‘rinni Livan, 2-o‘rinni Chad, 3-o‘rinni Somali, Qur'oni karimni tajvid qoidasi bilan yoddan o‘qish musobaqasida 1-o‘rinni Liviya, 2-o‘rinni Saudiya Arabistoni, 3-o‘rinni AQSh, Qur'oni karimni tajvid qoidasi bilan tilovot qilib berish musobaqasida esa 1-o‘rinni Malayziya, 2-o‘rinni Jazoir, 3-o‘rinni Eron vakillari egalladilar.
Musobaqa yakunlangandan keyin amirlik qasrida Kuvayt davlati amiri noibi Shayx Navvof al-Ahmad al-Jobir as-Saboh musobaqa g‘oliblarini taqdirladi. Qolgan ishtirokchilar qatori vakillarimizga ham musobaqadagi munosib ishtiroki to‘g‘risidagi tashakkurnoma yorlig‘i taqdim etildi.
Istiqlol xalqimiz uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Uning xalqimizga bergan baxt-saodatining had-hududi yo‘q.
Buyuk ne'mat – mustaqillikning din ahliga ko‘rsatgan xizmati yanada ulkan. Istiqlol tufayli dinimiz va milliy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Islom madaniyatiga mansub bo‘lgan ming yillik tarixga ega, o‘tmish qa'ridan olamga nur taratib kelgan muqaddas obidalar – masjid va madrasalar mo‘min-musulmonlarga qaytarib berildi. Yoshlarimizning diniy va ma'naviy yetukligini mustahkamlash maqsadida Toshkent islom instituti, shuningdek, 10 ga yaqin o‘rta-maxsus islom bilim yurtlari barpo etildi. Hozirda mazkur o‘quv yurtlarida yuzdan ortiq talabalar ta'lim olmoqdalar. Qori yigit va qizlarimizning bilim saviyalarini oshirish va qobiliyatlarini aniqlash maqsadida, Respublika miqyosida Qur'oni karimni yoddan va tajvid qoidalari bilan tilovat qilish bo‘yicha mahalliy musobaqalar muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Mazkur musobaqalarda yuqori natijaga erishgan qori-qoriyalar turli xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan Xalqaro Qur'oni karim musobaqalariga takliflar asosida yuborilmoqda.
Misol uchun ular Saudiya Arabistoni Podshohligi, Kuvayt, Malayziya, Eron Islom Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi singari bir necha davlatlarda yurtimiz vakillari sifatida qatnashib kelmoqdalar.
Manba: Muslim.uz