O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufni yodga olib

Light 16:06 / 26.04.2016 31762

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf milliy adabiyotimiz va madaniyatimizni rivojlantirish, xalqimiz ma'naviyati, ongu tafakkurini yuksaltirish, yosh avlod qalbida o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini, ezgu fazilatlarni kamol toptirish borasida yorqin iste'dodi, betakror badiiy asarlari, ibratli ijtimoiy faoliyati bilan katta hissa qo‘shgan qalamkashlardan edi.

U 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumanida tug‘ilgan. Shoir ijodi xazinasiga nazar soladigan bo‘lsak, uning «Tanish teraklar» (1985). «Bulbulga bir gapim bor» (1987), «Iltijo» (1988), «Uyqudagi qiz», «Halima enam allalari» (1989), «Ishq kemasi» (1990), «Ko‘nglimda bir yor» (1991), «Bevafo ko‘p ekan», «Yolg‘onchi yor» (1993), «Erka kiyik» (1995), «Osmonimga olib ketaman» (1998), «Ulug‘imsan, vatanim» (2004) kabi she'riy kitoblari ushbu xazinaning duru-marvaridlari hisoblandi.

Kun.uz she'riyatga ixlosmand o‘z muxlislariga shoir qalamiga mansub she'rlarni taqdim etadi.

IQROR

O, ota makonim.
Onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q,
Seningdek ko‘rkam.
Rimni alishmasman bedapoyangta.

Bir go‘sha suv bo‘lsa, bir go‘sha qirlar,
Qancha yurtni ko‘rdim, qancha taqdirlar.
Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,
Tog‘laring ortimdan ergashib yurar.

Ko‘rdim suluvlarning eng faranglarin.
Yo xudbinman men yo bir sodda kasman men –
Parijning eng go‘zal restoranlarin, B
itta tandiringga alishmasman men.

Na gapga ko‘nayin,
Na til bilayin,
Ko‘zdan uyqu qochdi, dildan halovat -
Uch kunda sog‘insam nima qilayin,
Chala qolar bo‘ldi hamma sayohat.

Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing,
Arab ohusidan azizroq menga.

Sen bilan o‘tgan har kun bayram - bazm,
Sensiz bir on qolsam vahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman ta'zim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.


JAYRON

Qon yig‘latdi qaysi bag‘ritosh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?
Oyog‘ingga qo‘yib yotay bosh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..

Yurak qoning to‘kilgan so‘qmoq
Bag‘ri alvon lolaqizg‘aldoq,
Senga toshlar otdi qay gumroh,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..


Zor yig‘lading buncha ham hayhot,
Menda ham bor sendagi sayyod...
Ey beozor, ey mo‘min jonzot,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..


Bu dunyoning nokaslari bor,
Ezgulikni ko‘rolmaydilar.
Meni ham qon qildilar ular,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..

Labim bilan yarang silayman,
Senga dardi shifo tilayman,
Kel, tug‘ishgan og‘ang bo‘lay man,
Jayron, nega ko‘zing to‘la yosh?..

* * *
O‘lsamu unutsang menday yigitni,
Yog‘ar yo‘llaringga afsus-anduhim.
Oq tulporday minib oppoq bulutni,
Uyingning ustidan o‘tadi Ruhim...

Unga nima deysan, bevafo yorim?

O‘lsamu unutsang menday yigitni,
Qaro tuproq silab yotsa kuragim,
Sen o‘choq oldida chaqqan gugurtni
Uchida lovillab tursa yuragim...

Shunga nima deysan, bevafo yorim?

Sen Xudo emassan axir, o‘ylanma,
Jonimning rishtasi qo‘lida uning,
Ammo Muhammadsiz o‘tmaydi kuning,
Kel, mayli men o‘lmay, sen ham qiynalma

Shunga nima deysan, bevafo yorim?..

Ko‘proq yangiliklar: