Oq uy Bangladeshda AQSh elchixonasi xodimi o‘ldirilgani haqida ma'lum qildi

Jahon 09:51 / 26.04.2016 1148

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xodimi, AQShning Bangladesh poytaxti Dakka shahridagi elchixonasida ishlab kelgan Zulhaz Mennan 25 aprel kuni qurolli hujum natijasida o‘ldirilgan. Bu ma'lumotni Oq uy huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining rasmiy vakili Ned Prays tasdiqlagan.

"AQSh hukumati Dakkada sodir etilgan Zulhaz Mennanning hayotiga nuqta qo‘ygan bu beshafqat qotillikni qattiq qoralaydi. U USAID va AQShning Dakkadagi elchixonasi xodimi edi", deydi Prays.

"AQSh Bangladesh hukumatini ushbu aqlga sig‘mas darajadagi qotillik ijrochilarini topish va ularni javobgarlikka tortishga chaqiradi", deya qo‘shimcha qilgan u.

Bundan oldinroq, Bangladesh politsiyasi diniy ekstremistlar Dakkadagi Mennan yashaydigan uyga xat tashuvchi sifatida niqoblanib, qurollangan holda bostirib kirgani hamda u va uning yonida bo‘lganlarga hujum qilib, 2 kishini so‘yib tashlashgani haqida xabar qilgandi. Uydagilardan yana biri jarohatlangan. Mennan bilan birga mamlakatdagi jinsiy ozchilik manfaatlarini yoqlovchi nashr muharriri o‘ldirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: