Obama: AQSh maxsus bo‘linmalari IShIDga qarshi bevosita urushmaydi

Jahon 10:45 / 26.04.2016 1644

AQSh prezidenti Barak Obama CNN telekanaliga intervyusida, Pentagon tomonidan Suriyaga yuborilayotgan maxsus harbiy bo‘linmalar IShID terroristik guruhi jangarilari bilan bevosita qurolli to‘qnashuvga kirishmaydi, deya bayonot bergan.

"Ularning vazifasi dushmanga qarshi bevosita jangovar harakatlarda ishtirok etish emas, balki mahalliy xavfsizlik kuchlari bilan hamkorlik qilishdan iborat. Mana shu bizning siyosatimizga mos keladi", — degan Oq uy rahbari.

Telekanal boshlovchisining qayd etishicha, Obama "maxsus kuchlar askarlari ekstremistlarni topish va yo‘q qilish amaliyotlarida ishtirok etadimi, yo‘qmi", degan savolni javobsiz qoldirgan.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha harbiy kuchlar, samarali usulni aniqlash va so‘ngra uni kuchaytirish maqsadida yuborilmoqda.

Barak Obama 25 aprel kuni Germaniyaning Hannover shahrida qilgan ma'ruzasida Qo‘shma Shtatlar Suriyaga qo‘shimcha 250 nafar harbiy xizmatchini yuborishini ma'lum qilgan edi. Ayni vaqtda u yerda Amerika maxsus harbiy bo‘linmasining 50 nafar xizmatchisi suriyalik harbiylarni tayyorlash ishlari bilan shug‘ullanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: