«Match TV» telekanalining yetakchi sharhlovchilaridan biri Vladimir Stogniyenko kanalni tark etishga qaror qildi.
«R-Sport» nashri bergan xabarga ko‘ra, oldinroq Stogniyenkoga telekanal Yevropa chempionati uchrashuvlarini VGTRK (Rossiya 1, Rossiya HD) kanallari uchun sharhlashni taqiqlab qo‘ygan, sharhlovchi bilan tuzilgan shartnomada bunday band bo‘lmagan.
Natijada shartnoma shartlari buzilgach, yuzaga kelgan muammo tufayli Stogniyenko telekanalni tark etishga va VGTRKda ishlashni davom ettirishga qaror qilgan.
Biroz o‘tib, telekanal rasmiy saytida Stogniyenkoning «Match TV»ni tark etgani borasida rasmiy xabar tarqatilgan va unda vaziyatga izoh berib o‘tilgan.
«Stogniyenkoni telekanal o‘zida olib qolishga harakat qildi. Biroq Vladimirning o‘zi ketishni xohladi. Stogniyenko keng auditoriyaga aytib bo‘lmaydigan sabab bilan ishdan ketdi», deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Stogniyenko nafaqat Rossiya, balki o‘zbekistonlik futbol muxlislari ichida ham ko‘plab muxlislariga ega bo‘lgan, sobiq «Rossiya 2» va «Sport 1» telekanallarining eng yetakchi sharhlovchisi sifatida qaralardi.
Bundan oldin, telekanalni Vasiliy Utkin, Aleksey Andronov va Kirill Dementev kabi taniqli sharhlovchilar ham tark etgandi.