Yaponiyaning Kyusyu orolida 14 apreldan beri 880 martadan ko‘proq yerosti silkinishlari qayd etildi. Hukumatning ma'lum qilishicha, kuchli zilziladan keyingi qayta tiklash ishlariga 286,1 milliard iyen (2,5 milliard dollar atrofida) mablag‘ talab qilinadi.
Avval xabar berilganidek, 14 aprelda Kyusyu orolidagi Kumamoto va Oita prefekturalarida 6,5 magnitudali kuchli zilzila ro‘y berdi, ikki kundan so‘ng yanada kuchli 7,3 magnitudali yer silkinishi sodir bo‘ldi. Bugungi kunga qadar Kyusyu orolida umumiy hisobda 880dan ortiq yerosti silkinishlari qayd etildi. Buning natijasida 48 kishi halok bo‘ldi, 2 kishi izsiz yo‘qoldi.
Manbaning xabar berishicha, Yaponiya vazirlar mahkamasi Kyusyu hududidagi obektlarning qayta tiklanishiga 281,1 milliard iyen (2,5 milliard dollar atrofida) va qishloq xo‘jaligini tiklash uchun yana 5 milliard iyen (45 million dollar) kerakligini hisoblab chiqdi. O‘rta va kichik korxonalar zilziladan 160 milliard iyen (1,4 milliard dollar) zarar ko‘rgan.
Hukumat bu ma'lumotlarning 20 aprel sanasiga ko‘ra tuzilganini ta'kidladi.