Turkiyada mehmonxonalardagi nomerlar bahosi keskin tushib ketdi

Jahon 12:34 / 25.04.2016 1429

Turkiyada sayyohlik sohasi inqirozi natijasida mamlakat mehmonxonalarining bahosi tushib ketdi. Masalan, Istanbuldagi mehmonxona nomerining o‘rtacha narxi bir kecha-kunduzga 140 yevrodan 91,9 yevrogacha pasaygan.

Mamlakatdagi mehmonxonalar mart oyida oxirgi bir necha yil uchun eng past ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. 2015 yildagi mehmonxonalarning to‘lishi bilan taqqoslaganda, ko‘rsatkich bu yil 16,5 foizga kam bo‘ldi. Jami barcha mehmonxonalarda 52,5 foiz nomerlar band etilgan. Turkiya asosan Rossiya, Germaniya va britaniyalik sayyohlarini yo‘qotdi.

Qayd etilishicha, avval dengiz bo‘yidagi mehmonxonlarda yashash shahardagisiga nisbatan qimmatroqqa tushardi, biroq hozirgi vaqtga kelib bu tafovut qisqardi.

Xorijlik sayyohlarning kamayishi munosabati bilan Turkiya mehmonxonachilari mamlakat hukumatiga xalqaro sayyohlik operatorlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirishni so‘rab murojaat qilishdi. Misol uchun, aviareyslarning may oyida tugashi kerak bo‘lgan subsidiya dasturi sentabrga qadar uzaytirildi. Unga ko‘ra, Turkiyaga qatnovchi aviakompaniyalar har bir reys uchun olti ming dollarga ega bo‘lishadi.

Bundan tashqari, bunday to‘lov ko‘rinishlari endi nemis sayyohlik operatorlariga ham to‘lanadigan bo‘ldi. Mazkur choralar Turkiyaga sayyohlarni jo‘natuvchi sayyohlik firmalari qiziqishini oshirishiga umid qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: