Turkiya raketa hujumiga qarshi o‘z tizimini ishlab chiqadi, deb bayonot bergan mamlakat mudofaa sanoati departamenti rahbari o‘rinbosari Ismoil Demir. Ammo uning faoliyati NATO tizimlari bilan muvofiqlashtiriladi.
Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning noyabr oyida Anqara raketalarga qarshi mudofaa (RQM) tizimi tarkibiy qismlarini ishlab chiqish bo‘yicha tenderni rasman bekor qilgan edi. 3,4 mlrd. dollarlik loyihaning bekor qilinishiga, Anqaraning o‘z RQM tizimini yaratish istagi sabab bo‘lgandi.
Demirning ta'kidlashicha, Turkiya mudofaa mahsulotlari va ularning tarkibiy qismlarini 100 foiz o‘zida ishlab chiqishga erishish niyatida.
"Garchi Turkiya o‘z mudofaa sanoatini ancha kech boshlagan bo‘lsada, hozirda mudofaa sanoati 15 milliard dollar hajmida mahsulot ishlab chiqarmoqda, sohada 35 mingdan ortiq inson mehnat qilmoqda".
Hozirgi kunda Turkiya 1,67 milliard dollarlik mudofaa mahsulotlarini eksport qiladi. Rasmiy Anqara kelasi 7 yil mobaynida bu raqamni 25 mlrd. dollarga yetkazish niyatida.
Aytish joizki, Yevropada RQM tizimlarini barpo etish tashabbusi AQShga tegishli. Ayni shu masala, rus-amerika munosabatlaridagi og‘riqli nuqtalardan biri ham hisoblanadi. Rasmiy Vashington vakillari, Yevropa RQM tizimi Rossiya va uning strategik salohiyatiga qarshi qaratilmaganini, ushbu sohada hamkorlik qilish barcha tomonga birdek foydali ekanini ta'kidlab keladi. NATO, o‘z navbatida, Rossiyani G‘arbning so‘ziga ishonishga chaqiradi. Ammo rasmiy Moskva G‘arbning quruq so‘ziga ishonishdan ko‘ra, xavfsizlik borasidagi kafolat huquqiy jihatdan qog‘ozda qayd etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lishini aytib keladi.
Yevropa RQM tizimi 2018 yilga kelib to‘liq yakunlanadi. Uning ilk bosqichida, sharqiy Yevropaning bir necha davlatlarida raketalarga qarshi qurollarni joylashtirish belgilangan. Vashington ma'muriyatining uqdirishicha, Shimoliy Koreya va Eron yadro dasturlari Yevropa xavfsizligiga rahna soluvchi asosiy omillardir. Ularning ikkisiga ham, raketa qurollarini ishlab chiqishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir necha marotaba sanksiyalar joriy qilingan edi.