Reuters: Misrning turizm bo‘yicha daromadi 2016 yilda 66 foizga tushib ketdi

Jamiyat 22:40 / 25.04.2016 1502

Misrning turizm bo‘yicha daromadi 2016 yilning birinchi choragida 500 million dollarni tashkil etdi, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1,5 milliard dollarni tashkil etgan. Bu esa daromadlar 66 foizga kamayganini bildiradi. Bu haqida Reuters agentligi turizm vazirligi iqtisodiy maslahatchisi Adla Ragabga asoslanib xabar berdi.

Maslahatchining so‘zlariga ko‘ra, Misrga shu yilning ilk uch oyida 1,2 million, ya'ni o‘tgan yilga nisbatan 45 foizga kam sayohatchi tashrif buyurgan. 2015 yilning ilk uch oyida Misrni 2,2 million kishi ziyorat qilgan.

Agentlikning ta'kidlashicha, 2015 yilning oktabr oyida Sinay ustida halokatga uchragan Rossiya samolyoti sayohatchilar oqimining kamayishiga asosiy turtki bo‘lgan. Rossiya va boshqa bir qator mamlakatlar Misr bilan aviaaloqani bir necha muddatga to‘xtatib qo‘ygan. Ammo respublikaning turizm vaziri Muhammad Yahyo Rashidning aytishicha, Misr 2017 yilning oxiriga kelib, EgyptAir ("Idjipt Eyr") milliy aviakompaniyasining xorijdagi faoliyati kengaytirilishi orqali sayohatchilarning sonini 12 millionga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: