Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Magomed Ibragimov Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi jahon lisenzion turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etib, XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
-97 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Magomed Ibragimov finalga qadar kechgan bellashuvlarni g‘alaba bilan yakunlab, to‘rt yillikning eng nufuzli turnirida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Nimchorak finalda Janubiy koreyalik Kim Jae-gangni 4:0 hisobida, chorak finalda esa Yaponiya terma jamoasi a'zosi Takeshi Yamaguchini 11:0 hisobida mag‘lub etgan o‘zbekistonlik kurashchi yarim finalda mo‘g‘ulistonlik Dorjxandin Xuderbulgadan 9:2 hisobida ustun keldi va final bahsiga chiqish bilan birga, Rio–2016 o‘yinlarining yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi.
Final bellashuvida armanistonlik Georgiy Ketoyevga 3:4 hisobida imkoniyatni boy bergan Ibragimov yakunda kumush medal sovrindori bo‘ldi.
22 aprel kuni yunon-rum kurashi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan lisenzion turnirda ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi — Yelmurat Tasmuradov (-59 kilogramm) va Mo‘minjon Abdullayev (-130 kilogramm) Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Chonju shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun Osiyo qit'aviy saralash musobaqasi nihoyasiga yetdi.
Qit'aning ko‘plab nomdor sportchilari ishtirokida o‘tgan mazkur nufuzli musobaqada o‘zbekistonli Shahboz Xolmirzayev “V” guruhida bahslarga kirishib, oltin medal hamda Rio-2016 o‘yinlarining yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, Rio-2016 olimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston vakillari tomonidan qo‘lga kiritilgan litsenziyalar soni 76taga yetdi. Shulardan 25 tasi paralimpiyachilarga tegishli.