O‘zMU talabalari navbatdagi xalqaro olimpiadada kumush va bronza medallari sohibiga aylandilar

O‘zbekiston 18:20 / 24.04.2016 1832

Dunyoga dong taratgan allomalarning bugungi vorislari ham tom ma'noda o‘zligini namoyon qilmoqda.

Yaqinda Kipr davlatida matematika fani bo‘yicha o‘tkazilgan 10-xalqaro “SEEMOUS 2016” olimpiadasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Mexanika-matematika fakulteti 2-kurs talabalari Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibragimov g‘oliblik shohsupasidan munosib o‘rin egallab, 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan edilar.

O‘zMU Axborot xizmatidan xabar berishlaricha, navbatdagi xushxabar Moskva shahridan keldi. Bu yerda bo‘lib o‘tgan “Ochiq internet xalqaro olimpiadasi”da Kimyo fakulteti talabalari Jaloliddin Xushvaqtov kumush va Muzaffar Maxsumov bronza medallarini qo‘lga kiritdilar!

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) respublikalarining 97 ta oliy ta'lim muassasalaridan kimyo yo‘nalishi bo‘yicha 497 nafar talaba ishtirok etgan mazkur olimpiadada yosh tadqiqotchilarimiz rus tilida “Maxsus ixtisoslashtirilgan kimyo kurslari” yo‘nalishi bo‘yicha 12 tadan masala yechishib, shunday muvaffaqiyatga sazovor bo‘ldilar.

– Milliy universitetimizda fan sirlarini chuqur o‘rganish uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, internetdan emin-erkin foydalanish, axborot-resurs markazida, Kimyo fakulteti laboratoriyalaridagi imkoniyatlar bizga qanot baxsh etadi,– deydi Kimyo fakulteti 1-bosqich talabasi, kumush medali sohibi Jaloliddin Xushvaqtov.– Kelgusi olimpiadalarda albatta oltin medalni ham qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.

– O‘z davrida dunyoga dovruq solgan kimyogar olimlarimizning ilmiy maktablariga hamma havas bilan qaraydi,– deydi 2-bosqich talabasi, bronza medali sohibi Muzaffar Maxsumov.– Ana shunday ulug‘ ajdodlarga munosib voris bo‘lish uchun biz izlanishda davom etaveramiz. Puxta bilim egallashimiz, amaliyot sirlarini chuqur o‘zlashtirishimiz uchun universitetimizda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, ustozlar ishonchini oqaymiz.

Yoshlarimiz dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan va hech kimdan kam bo‘lmaydi, degan ulug‘vor fikrlar zamirida olamcha ma'no mujassam. Jahonni hayratga solgan buyuk kimyogar allomalarimizning bugungi izdoshlariga endi o‘zgalar havas qilsa arziydi.

Ko‘proq yangiliklar: