Buyuk Britaniyaning eng boy fuqarolari ilk bora aka-uka Devid va Saymon Rubenlar bo‘ldi. Ularning boyligi 18,8 milliard dollar qiymatida baholandi. Bu haqida The Sunday Times gazetasi qirollikda istiqomat qiluvchi boy fuqarolarning an'anaviy reytingida e'lon qildi.
Aka-ukalar asli hindistonlik bo‘lib, Buyuk britaniyaga 1950 yilda ko‘chib kelishgan. Nashrning ma'lumotiga ko‘ra, Rossiyada 1990 yilda bo‘lib o‘tgan “alyumin jangi”da qatnashish ularga tadbirkorlar dunyosidagi shon-shuhratni keltirgan. Ko‘chmas mulk bozoridagi kelishuvlar, shaxsiy kapital sarmoyalari va venchur kapitalida ishtirok etish ularning tadbirkorlikdagi asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ular Temza daryosining bo‘yida joylashgan Millbank Tower binosiga, Londonning Sloun-strit savdo ko‘chasida joylashgan butiklarga, London-Oksford aeroportiga, Travelodge mehmonxonalar tarmog‘i, Metro Bank va boshqa bir necha daromadli joylarga qisman yoki to‘liq egalik qilishadi.
Ro‘yxatning 2-o‘rnida 18,7 milliard dollar bilan yana bir aka-uka Indiya Shri va Gopi Induyya o‘rin oldi. Ular ko‘chmas mol-mulk kelishuvlari, bank va restoran biznesi, savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanishadi.
Uchinchi pog‘onada Access Industries kompaniyasining rahbari, SSSRda tug‘ilgan amerikalik tadbirkor Leonard Blavatnik turibdi. Uning hisobidagi mablag‘i 16,68 milliard dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi badavlat insonlar safiga 10,9 milliard dollar daromad bilan Alisher Usmonov ham kiradi. U Londondagi yirik futbol klublaridan biri bo‘lgan “Arsenal” aksioneri va “Metalloinvest” xoldingining egasi hisoblanadi. Ta'kidlanishicha, Usmonovning boyligi bir yil ichida 3,26 milliard dollarga qisqargan.