Britaniyalik fazogir koinotdagi birinchi marafonchi bo‘ldi

Jahon 22:05 / 24.04.2016 1689

Britaniyalik fazogir Tim Pik Xalqaro koinot stansiyasi bortida turib London marafonida ishtirok etdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

44 yoshli fazogir 26,2 mil (42 km) masofani 3 soatu 35 daqiqada yugurib o‘tdi va shu tariqa koinotdagi birinchi marafonchi bo‘ldi. U masofani XKSda Londondagi marafonni iPad’da real vaqtda kuzatgan holda maxsus yugurish yo‘lagida bosib o‘tdi.

Pikning Yerdagi marafoncha yugurishda ko‘rsatgan natijasi yuqoriroq bo‘lgan: 1999 yilda u London marafonini 3 soatu 18 daqiqada bosib o‘tgan. Shuningdek ma'lum qilinishicha, bu yilgi marafon g‘olibi masofani 2 soatu 3 daqiqada bosib o‘tgan.

Fazogir yugurishdan avval tvitterda Londonning koinotdan olingan suratini chop etdi.

Pik marafonda ishtirok etish qarorini dekabrda ma'lum qilgandi. O‘shanda u marafonni 3 soatu 30 daqiqada yugurib o‘tishga umid bildirgandi va u bunga deyarli erishdi.

Ko‘proq yangiliklar: