GM Yaponiyadagi zilzilalar tufayli AQShda avtomobil yig‘ishni qisqartiradi

Jahon 10:06 / 23.04.2016 1336

25 apreldan Amerikaning General Motors avtokonserni AQSh va Kanadadagi zavodlarining 4ta liniyasida avtomobillar yig‘ishni qisqartirishga qaror qildi. Bunga kompaniya rahbariyati Yaponiyaning Kyusyu orolida yuz bergan talofatli zilziladan so‘ng, butlovchi qismlar yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishidan xavotirlangani sabab bo‘lgan, deb xabar qilmoqda Kiodo agentligi.

"General Motors Yaponiyadagi tabiiy ofatning butlovchi qismlarni yetkazib berishga salbiy ta'sirlarini baholashda davom etib, muammoni yumshatish choralarini ko‘rmoqda", -deyiladi kompaniya e'lon qilgan xabarnomada.

"Albatta, bu kabi muvaqqat choralar General Motors’ning yillik rejalariga ta'sir etmaydi".

Ushbu choralar, kompaniyaning Ohayo, Kanzas va Tennessi shtatlaridagi 3ta ishlab chiqarish liniyasi va Kanadadagi zavodining bitta liniyasiga nisbatan qo‘llaniladi. Qisqartirish chorasi 2 hafta davom etib, Chevrolet Impala, Buick Regal va Cadillac XTS modellarini ishlab chiqarish kamayadi.

14 aprel kuni Yaponiya janubi-g‘arbidagi Kyusyu orolida dahshatli zilzila ro‘y bergan, 6,5 ballik yer silkinishi jiddiy talofatlar yetkazgan edi. Shundan so‘ng, 100ga yaqin zaif silkinishlar ro‘y berib turgan, 15 aprel kuni kechqurun 7,3 ballgacha bo‘lgan bir necha kuchli zilzilalar yuz bergan edi. Shundan beri, bu yerda yer silkinishlari doimiy tus oldi. Shu paytga qadar inson sezishi mumkin bo‘lgan 800dan ortiq zilzilalar qayd etilmoqda.

Yetkazilgan talofatlarning qamrovi shunchalik kengki, natijada Kyusyu sanoat korxonalarida ishlab chiqarish to‘xtatildi. Bu o‘z navbatida, ko‘plab ishlab chiqarish korxonlarini ehtiyot qismlari bilan ta'minlashda uzilishlarga olib keldi. Toyota Motor kompaniyasi 25 aprelgacha Yaponiyadagi 16ta yig‘uv liniyasidan 15tasida avtomobil yig‘ishni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Sony, Honda Motor, Bridgestone, Mitsubishi Electric va boshqa yirik korporatsiyalarda ham ishlar to‘xtatildi.

Kyusyu zilzilasi oqibatida kamida 48 kishi hayotdan ko‘z yumdi, minglab uylar vayron bo‘lgan. O‘n minglab insonlar hamon evakuatsiya markazlarida qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: