Botir Qodirov: “San'atkor bo‘lishimga onamning ushalmagan orzulari turtki bo‘lgan” (Intervyu)

Jamiyat 17:06 / 23.04.2016 21109

Botir Qodirov o‘zbek milliy va zamonaviy estrada qo‘shiqchiligi san'ati maydoniga ilk marta “Seni o‘ylayman” qo‘shig‘i bilan kirib kelgan edi. Botir Qodirov sermahsul ijodi davomida bugungacha birin-ketin “Adashdim”, “Ayirma”, “Go‘zalsan”, “Aldamadim”, “Diydor uchun”, “Ey dil”, “Jim turing” kabi xit qo‘shiqlarni yaratdi.

Kun.uz sayti ashaddiy muxlislar va tinglovchilar talabini inobatga olgan holda Botir Qodirov bilan eksklyuziv suhbat uyushtirdi. Suhbatni o‘qish jarayonida muxlislar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishlari mumkin.

M.E: - Botir aka, keling, suhbatimizni an'anaviy savoldan boshlasak... Ayni kunda nimalar bilan bandsiz?

B.Q. - Oxirgi konsertimizdan so‘ng chet el safariga borib, hordiq chiqardik. Safardan qaytganimizdan so‘ng yana tinimsiz mehnat boshlandi. Yangi musiqiy albomimizdan o‘rin olgan “Ko‘ngil izhori” nomli qo‘shig‘imizga klip suratga oldirdik. Nasib etsa, tez kunda qo‘shiq klipi bilan muxlislar e'tiboriga havola etiladi.

M.E: - Oxirgi konsertingizda xilma-xil mavzu va dekoratsiyalar muxlislarga manzur bo‘ldi. Ammo bari bir konsertda jonli ijro yetishmagani sezildi.

B.Q. - Jonli ijroda qo‘shiq aytish istagi bizda har doim bo‘lgan. Ammo kuniga ikki mahaldan konsert berish jismonan qiyinchiliklar tug‘dirishi bois jonli konsert qo‘yish qarorini o‘zgartirishga qaror qildik. Sahnada turib qimirlamasdan ashula aytilmaydi-ku? Bu istalgan professional xonandaga ham qiyinchilik tug‘dirish tabiiy. Qolaversa, men kuylagan o‘ziga xos yo‘nalishdagi qo‘shiqlar bilan yurish, raqsga tushish, xalq oldiga tushish ham kerak bo‘ladi. Men bunga tayyormasman, demayman. Balki, kelgusi konsertlarda jonli ijroda kuylashni niyat qilganman.

C.A: - Suhbatimiz ijod haqida ketayotganda tabiiy bir savol tug‘iladi, qo‘shiqlaringizga klip olishga qiziqmaysizmi yoki bunga hafsala yetishmaydimi?

B.Q. - Men azaldan muxlislarimiz didiga mos ijod mahsuli, ularga yoqadigan, shlyager darajasidagi qo‘shiq taqdim etishga harakat qilganman. Lekin avvaldan klip olishga qiziqmaganman. Qolaversa, “men qo‘shiq kuyladimmi, albatta, klip suratga olishim shart” degan prinsip bilan ijod qilmayman. Agar o‘sha klip muxlislar tomosha qilishiga arzisa, klip tarzida taqdim etishim mumkin. Ba'zi san'atkorlar har ikki oyda klip suratga oldirmasa turolmaydi. Agar shunday qilmasa, reytingi tushib ketib, odamlarning esidan chiqib ketadi.

M.E: - Ko‘pchilikka ma'lumki, siz san'atkorlar oilasida dunyoga kelgansiz. Bugungacha sizning san'atkor bo‘lib yetishishingizga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, onangiz Zulxumor Qodirovaning qay darajada hissasi bor?

B.Q. - Nafaqat san'atkor, balki inson bo‘lib shakllanishimda, hayotning past-balandliklarini tushunib, bugungacha san'atda erishgan mavqeimga onamning duolari, hissasi katta. San'atga kirib kelishimga rahmatli onamning turtkisi sabab bo‘lgan. Onam olamdan o‘tdi. Lekin xalq - mening onam... Muxlis onaxonlarimizning duolari tufayli bugungacha ijodda muvaffaqiyatlarga erishib kelyapman.

M.E: - San'atkorlardan biri suhbat davomida “agar omad kelmasa, san'atkor ming urinmasin, bari bir mashhurlikka erisholmaydi”, degan edi. Bu fikrga sizning munosabatingiz?

B.Q. - Omad xudo tomonidan beriladigan ne'mat. Agar niyati bo‘lsa, unga albatta omad keladi. Haqiqiy san'atkor bo‘laman, degan inson qobiliyati, ovozi bo‘lsa bu sohada o‘qiydi. Shu sohaning mohir mutaxassisi bo‘lish uchun shogird tushadi. Qalbida xalqimga xizmat qilaman, degan zarracha yaxshi niyati bo‘lsa unga, albatta, omad keladi.

M.E: - Bugun xonandalar orasida ustoz san'atkorlar repertuariga murojaat qilish urfga kirdi. Siz ham o‘zingiz sevib tinglaydigan Tavakkal Qodirov, Ma'murjon Uzoqov yoki Fattohxon Mamadaliyev kabi san'atkorlar qo‘shig‘ini kuylab ko‘rmaysizmi?

B.Q. - Ustozlarimiz biz uchun juda katta meroslar qoldirishgan. Bu meroslardan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak, albatta. Bolaligimdan beri ustoz san'atkorlarning ijod mahsullarini tinglab, shu kishilarga o‘xshab qo‘shiq aytishga muntazam harakat qilib kelganman va o‘rganganman. Bu siz aytgandek san'atkorlar orasida urfga kiryapti. Albatta, ustozlar kuylagan qo‘shiqlarni xuddi ular kabi ijro eta olmaymiz. Lekin sal ularga yaqinlashtirib kuylashimiz mumkin xolos. O‘tgan yili noyabr oyida qo‘ygan konsertimda ustoz Kamoliddin Rahmatovning roziligi bilan kuylangan “Yig‘latur” nomli qo‘shig‘imni taqdim etdim. Bu qo‘shiqqa albatta, muxlislarning o‘zi baho bergani ma'qulroq.

S.A: - Bilamizki, tarixda mashhur odamlarning qalbida muhabbat bo‘lgan. Iste'dodini ko‘rsatishga uni ilhomlantirgan nimadir bo‘lgan. Shu bois ham bugun haqiqiy Navoiylar yo‘q, Navoiy bor. Sheroziylar yo‘q, Sheroziy bor. Xuddi shu kabi Botir Qodirovlar yo‘q, Botir Qodirov bor. Bugun mana shu cho‘qqilarga yetib kelgan Botir Qodirovni ijod qilishga undaydigan ilhom nimada?

B.Q. - Juda ham yaxshi savol bo‘ldi. Bolaligimda san'atga bo‘lgan qiziqishim katta bo‘lsa ham, 9-sinfni bitirishim arafasida bu sohani tanlashga ikkilanganman. O‘shanda buvim va onam menga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishgan. Aniqrog‘i, san'atni tanlashimga onamning qaysidir ushalmagan orzulari, orzu-havaslari sabab bo‘lgan. To‘g‘ri, siz aytgandek, bugun Navoiylar yo‘q, Navoiylar bor... Bizning xalqimiz ana shunday buyuklarni ulg‘aytirgan. Balki, bugungi kunda ijod qilayotgan san'atkorlar kelajakda ana shunday buyuklarga aylanar?

M.E: - Aynan kimlar deb o‘ylaysiz?

B.Q. - Bugungi kunda bunday san'atkorlar juda ham ko‘p. Masalan, “Yalla” guruhi... butun dunyo biladi bu guruhni. Rossiya, Qozog‘iston... deyarli, har bir to‘yda “Yalla” guruhi xizmatda! Qolaversa, Botir Zokirov estrada qo‘shiqlarining yaratilishiga salmoqli hissa qo‘shgan. Rashid Xoliqov ular qatorida. Bu ijodkorlarning yaratgan qo‘shiqlari kelajak avlod uchun shlyager bo‘lib qoladi, deb o‘ylayman. Milliy va mumtoz qo‘shiqlar ijrochilaridan ustoz Sherali Jo‘rayev, Yulduz Usmonova, Ozodbek Nazarbekov... Bir so‘z bilan ta'riflaganda –“legenda”(afsona) ular! To‘rt yil avval yurtimizga Turkiyalik qo‘shiqchi Ibrohim Totlisas keldi. Men shu san'atkor bilan suhbatlashib, uni aeroportgacha kuzatib qo‘ydim. Ibrohim Totlisas “Sizlarda Ozodbek degan xonanda bor ekan, 20 kunlab konsert berarkan. Biz kun davomida yarim kun, juda oshib ketsa, bir kun konsert qo‘yamiz“, degan edi.

M.E: - Lekin Ibrohim Totlisas bir kun konsert bersa ham jonli ijroda beradi... Bizda esa 25-30 kun konsert bo‘lsa ham fonogrammada beriladi.

B.Q. - Nega, Yulduz Usmonovachi? Ozodbek Nazarbekovchi? Men bu san'atkorlarnig birortasini fonogrammada konsert berganini eslay olmayman.

C.A: - San'atkorlar qisman ijodi, nima yeb, nima ichishi, har bir harakatini suratlarga muhrlab, soatma-soat instagram orqali joylashtirib borishadi. Bu ularning mashhurligiga qisman hissa qo‘shib boradi ham. Siz esa yaqinda, instagramda sahifangiz borligini rad etdingiz. Ijtimoiy tarmoqlarda nega yo‘qsiz?

B.Q. – Asosiy sababi, bunga vaqtim yo‘q. Qimmatli vaqtimni nima ish qilayotganim, qaysi kuy ustida ish olib borayotganim, nima ovqat yeyayotganimni rasmga olishga sarflashni istamayman. Internetga ijodiy izlanish uchun kiraman xolos.

C.A: - Shunday qat'iy prinsipga ega odam, o‘zining nomidan ochilgan soxta sahifa borligini eshitib, ko‘nglidan nimalar kechdi?

B.Q. - Bu birorta yosh bolaning ishi bo‘lsa kerak. Chunki aqlli odam bu ishni qilmaydi, deb o‘ylayman. Bunga unchalik e'tibor berganim ham yo‘q.

M.E: - Bugungacha O‘zbekiston madhini juda ko‘plab hofizlar madh etdi. Ammo siz tinglagan va sizga manzur bo‘lgan O‘zbekiston haqidagi qo‘shiq qaysi va uning muallifi kim?

B.Q. - Sevara Nazarxon ijrosidagi “Ulug‘imsan Vatanim” qo‘shig‘i. Balki, Sevara bilan o‘zaro qo‘shiq tanlashdagi didimiz bir-biriga yaqin bo‘lgani uchunmi, bu qo‘shiq menga juda yoqadi.

C.A: - Bugungi kunda estrada qo‘shiqchiligida ijod qilayotgan yosh xonandalarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

B.Q. - Eng avvalo xonanda insoniylik fazilatlarni o‘zida mujjassamlashtirishi kerak. Ko‘proq o‘qishi kerak. Kibrdan ehtiyot bo‘lishi kerak...

Suhbatimiz davomida lirik chekinish qilish uchun, xonandadan qo‘shiq kuylab berishini so‘radik. Botir Qodirov iltimosimizga ko‘ra Andrea Bochellining “Bessame Mucho” qo‘shig‘ini kuylab berdi. Jonli ijrodagi qo‘shiqni tinglab, olqishlagach, yana suhbatimizni davom ettirdik.

C.A: - Sizningcha, mana shu kabi shedevr qo‘shiq tayyorlash uchun san'atkorga nima kerak?

B.Q. - Bunaqa asar tayyorlash uchun menimcha, Andrea Bochellining umridek umr, vaqt, bilim, uniki kabi qalb kerak... Omad... Bunday orzu hamma san'atkorda bo‘ladi. Balki, bizga ham shunday omad nasib etib qolar?

M.E: - Hayotda aqlga suyanib ish tutasizmi yoki yurakka?

B.Q. - 50ga 50

C.A: - Yaxshi va yomon odamni farqiga qanday borasiz?

B.Q. - Ko‘ziga qarab farqlayman. Axir aytishadi-ku, ko‘z-qalb oynasi” deb.

C.A: - O‘zingizni san'atdan tashqari yana qaysi sohada tasavur qilasiz?

B.Q. - Mendan yaxshi tashkilotchi chiqqan bo‘lardi, deb o‘ylayman. Masalan, biror bir mehmonxona boshqaruvchisi bo‘lishim mumkin edi. Chunki mehmonxona biznesiga juda ham qiziqaman.

M.E: - Kelajakda shu kasbda o‘zingizni sinab ko‘rishingiz mumkinmi?

B.Q. - Albatta!

M.E: - Hayotda insoniyatning yashashdan maqsadi nimada deb o‘ylaysiz?

B.Q. - Munosib farzand bo‘lish.

M.E: - Sizning oilada yolg‘iz farzandligingizni ko‘pchilik biladi... Qaysi paytlarda aka-ukaning o‘rni sezilgan sizga?

B.Q. - Aka va ukaning o‘rni har doim sezilgan. Sezilish kerak bo‘lgan paytda sezilgan... Xudoga behisob shukr, hayotim davomida bugungacha menga munosib, yaxshi akalar, do‘stlar, hamkasblar uchradi. Bir qorindan tug‘ilmagan bo‘lsak ham, shu darajadagi yaqinlarim bor. Ular hayotda aka-ukalarimning yo‘qligini bildirmaslikka harakat qilishadi.

C.A: - Eng so‘nggi bor o‘qigan kitobingiz?

B.Q. - Chingiz Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi” asari. Ushbu kitobning o‘quvchi uchun ko‘p ibratli tomonlari bor.

M.E: - Qo‘shiqchilik sohasida bir xonandaning ovoziga boshqa bir xonandaning ovozi mutanosib bo‘lishi ko‘p kuzatilgan holat. Sizning ovozingizga mutanosib bo‘lgan biror xonanda ijodidan parcha kuylab berasizmi? Masalan, Grigoriy Leps ijodidan...

B.Q. - Mening ovozimga mutanosib emas, aksincha, mening ovozim uning ovoziga mutanosib bo‘lsa kerak... Qancha tovushlar bir-biriga o‘xshamasin, juda yaqin bo‘la olmaydi. Ijro etishga kelsak, mayli, bir parcha ijro etib bera qolay...
U Grigoriy Lipsning “Vodapad” qo‘shig‘idan parcha kuylab berdi. Olqishdan so‘ng...

M.E: - Shioringiz?

B.Q. - Yaxshi inson bo‘lish.

M.E: - Hayotda nimadan qo‘rqasiz?

B.Q. - Telefonim sinib qolishidan... (kuladi). Odatda inson nimalardan qo‘rqsa, men ham shulardan qo‘rqaman.

M.E: - Qo‘shiqni ijro etish jarayonida xonandaning yuragi ishlashi kerak. Agar xonanda o‘sha dardni yurakdan his qilmasa, boshidan o‘tmagan bo‘lsa, muxlisga ham qo‘shiq dardini yetkazib berolmaydi, deyishadi. Bu fikrga qanchalik qo‘shilasiz?

B.Q. - Albatta, yurak bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Boshidan kechirib o‘tgan bo‘lishi shart emas. San'atkor uch daqiqalik qo‘shig‘i bilan muxlis qalbiga kirib boradi. Uning uchun qo‘shiqni yurakdan chiqarib kuylay oladigan san'atkor bo‘lishi kerak. Kayfiyati yaxshi bo‘lib, yurakdan berilib aytsa, garchi san'atkor qo‘shiq dardini boshidan o‘tkazmagan bo‘lsa ham, tinglovchiga quloqdan kirgizib, yurakdan chiqarib ovozi orqali yetkazib bera oladi.

C.A: - Sizga aqlli dushman afzalmi yoki nodon do‘st? Agar tanlash imkoniyati bo‘lsa, qaysi birini tanlardingiz?

B.Q. - (Uzoq o‘ylanib) Dushmanning aqllsizi ham bari bir dushman-da! Nodonni tarbiyalasangiz bo‘ladi. Tarbiyalashning iloji bo‘lmasa kechib yuborasiz... Chunki aqlsiz do‘st ham ziyon yetkazib qo‘yishi mumkin...

C.A: - Sizningcha, bugungi asr insoniyatiga nima kerak?

B.Q. - Yaxshilik, halollik, tinchlikning qadriga yetish kerak. Qadr-qimmat, mehr-oqibat, sevgi- muhabbatni qadrlash kerak. Yurtni asrab-avaylash, begunohlar ko‘z yoshini oqizishdan qo‘rqish kerak.

M.E: - Bugungi kunda ijod qilayotgan aksariyat yosh xonandalar ortidan shogirdlari yetishib chiqyapti. Yaqinda Sardor Mamadaliyev ham “Shogirdlarim shunaqa ko‘pki, o‘zim ham bilmayman, ularning qayerdan ko‘payib kelayotganligini” deya hazillashgandi. Negadir bugungacha “Men Botir Qodirovning shogirdiman” deyishganini eshitmadik...

B.Q. - Men boshqa birovlarning qancha shogirdi borligini sanab vaqtimni o‘tkazmayman. 2012 yilda taqdim etgan konsertimizda shogirdim Abror Azimov chiqib, qo‘shiq kuylagan. Abror o‘n yil davomida yonimda yurgan. Oybek Inoyatov, Ahrorbek ismli shogirdlarim ham bor. Men ularni 100 nafarga yaqin bolalarning ichidan tanlab olganman. Hozircha, ular bilan “ustoz-shogird” an'analarini to‘xtatganman. Sababi, ustoz-shogirdchilikning mas'uliyati katta. Agar ular mening qo‘limda yaxshi inson, yaxshi san'atkor bo‘lib yetishib chiqsa, bu - mening yuzim. Ammo ularga vaqt ajrata olmay, umrini bekor o‘tkazishlaridan qo‘rqaman.

M.E: - O‘z ustozingiz bilanchi, ustoz-shogird an'anasi qay darajada davom etmoqda?

B.Q. – Ustozim, Aziz aka Zaynobiddinov bilan munosabatlarimiz yaxshi. Yaqinda Andijonda sumalak qildik. Sumalakda ustozim biz bilan birga bo‘ldi. Andijonga borganimda shu tadbirlar davomida ustozim bilan ko‘rishamiz. Sababi, ustozim ham o‘ziga yarasha band, ishlari ko‘p. Men ham avvalgidek, Andijonga tez-tez bormayman.

C.A: - Yaqinlaringizdan biror kishi sizning shuhratingizdan foydalanishiga sharoit yaratganmisiz?

B.Q. -Agar yaxshilikka bo‘lsa, indamayman. Yomonlikka bo‘lsa, to‘xtataman.

M.E: - Hayotinizdagi eng og‘ir kunlar va qiyinchiliklar nima bilan uzviy bog‘liq?

B.Q. - Ayrimlari o‘zimning xatolarim bilan bog‘liq. Ayrimlari taqdir, bo‘lganligi uchun. Qiyinchiliklardan hech kim xoli emas. Yaxshisi, sabr qilish kerak...

M.E: - Ayol hamkasblaringizning sahna va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq-sochiq liboslarda namoyon bo‘layotganliklariga munosabatingiz? Bu san'atkorning kasb odobi me'yorlariga mos keladi, deb o‘ylaysizmi?
Xonanda uzoq o‘ylanib qoldi...

B.Q. - Menimcha, bu bilimsizlikdan kelib chiqadi. Biz o‘qigan paytlarda institutda rus tilidan etika-estetika darsi bo‘lardi. Shu darsda san'atkor o‘zini qanaqa tutishi kerakligidan boshlab, qanaqa dastro‘mol tutishigacha o‘rgatilardi. Har bir narsada me'yor bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Xonandalar o‘zbek mentalitetidan kelib chiqib kiyinishi kerak. Erkak san'atkorlarning ketidan ergashayotgan yosh yigitlar, ayol san'atkorlarga ergashayotgan yosh qizlar bor...

M.E: -Kun.uz muxlislariga bildiradigan tilaklaringiz?

B.Q. - Men bu saytni juda ham hurmat qilaman. Har tomonlama saviyali, hurmatga sazovor, o‘z muxlislari bor, muxlislar bilan san'atkorlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydigan saytlardan biri. Fursatdan foydalanib Kun.uz ijodkorlariga kuch va omad tilayman. Saytning o‘quvchilariga esa baxt, sog‘lik yo‘ldosh bo‘lishini tilab qolaman. Baxtimizga yurtimiz tinch, xalqimizning yaxshi kunlari ko‘p bo‘lsin.

Qisqacha ma'lumot:

• Botir Qodirov 1981 yil 6 may kuni Andijonda, san'atkorlar oilasida tavallud topdi. Onasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist (marhum) Zulxumor Qodirovadir. Botir Qodirovning qo‘shiq kuylashga bo‘lgan ishtiyoqi bolaligidanoq shakllanib, maktabni tamomlagach, 2000 yil Andijon san'at kollejiga o‘qishga kiradi. Kollejni tugatgandan so‘ng esa Toshkent Davlat madaniyat institutining an'anaviy xonandalik fakultetiga o‘qishga kiradi. Xit taronalari esa “Adashdim” va “Seni o‘ylayman” qo‘shiqlari bo‘lgan. Hozirgi kungacha xonanda 60 ga yaqin qo‘shiq, 10ga yaqin klip va 4ta musiqiy albomni o‘z muxlislariga hadya etdi.

Intervyuning video versiyasi

Kun.uz intervyuni suratga olishda yaqindan yordam bergan "Pasado" restoraniga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. 

Sarvar Anvar o‘g‘li, Mohichehra Eshmirzayeva suhbatlashdi
Ko‘proq yangiliklar: