AQSh Yevropaga gaz yetkazib berishni boshladi

Jahon 06:58 / 22.04.2016 1328

Aprel oxirida Yevropaga AQShning suyultirilgan tabiiy gaz yuklangan tankeri yetib keladi. AQSh gazining birinchi partiyasi yuklangan kema hozirda Luiziana portidan yo‘lga tushib, Portugaliya tomon yo‘nalmoqda. Bu haqda Wall Street Journal nashri xabar bermoqda.

Nashrning ta'kidlashicha, AQSh gazi oxirgi yillarda Rossiya yetakchilik qilayotgan Yevropadagi gaz bozorida barchasini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Tahlilchilarning fikricha, AQSh gazi narxlarning tushishini keltirib chiqarishi mumkin.

Yevropada AQSh gazi rossiyalik gaz yetkazib beruvchilarga jiddiy raqobatchi bo‘ladi. Hozirda Rossiya Yevropaning uchdan ikki qism gazini yetkazib beradi. Germaniya yarim gazini, Italiya esa uchdan bir gazini Rossiyadan oladi. Shuningdek, Norvegiya, Jazoir va Yaqin Sharq davlatlari ham Yevropaga gaz yetkazib beradi.   

Tahlilchilarning ishonishicha, Yevropada Amerika gazining paydo bo‘lishi bilan Rossiya yevropalik iste'molchilar uchun o‘z gazi narxini tushirishga majbur bo‘lishi mumkin.

"Bu AQSh suyultirilgan gazi bilan quvur gazi o‘rtasidagi narx kurashining boshlanishi", deb aytdi Societe Generale tahlilchisi Terri Bros.

Amerikaliklar Yevropaga 2020 yilgacha to‘laqonli gaz yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishga va'da bermoqdalar. Avvalroq AQSh energetika vaziri Ernest Moniz Yevropaga Rossiya gazidan bog‘liqlikni kamaytirib, uning o‘rniga Isroil gazini olishni taklif qilgandi.

Avvalroq "Gazprom" narxlar uchun kurashmoqchi emasligini ma'lum qilgandi. Biroq agar AQSh gazi uchun narxlar tushib ketsa, kompaniya o‘z xarajatlarini qisqartirishiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘proq yangiliklar: