Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron qirolicha Yelizaveta II ni 90 yillik yubileyi bilan tabrikladi va uning ko‘zlarida barcha britaniyaliklar aks etishini qo‘shimcha qilib, uning "bo‘ysunmas qoya"ga qiyosladi.
"O‘tgan bu vaqt ichida siyosiy jabhada to‘lqinlar qirg‘oqlarga toshdi, qumloqlarni yuvib ketdi, Hazrati Oliyalari esa mustahkam qoya kabi turaverdi. U bizning millatimizning va qirolligimizning barqarorligi ramzidir", deydi bosh vazir.
Kemeron qirolicha ko‘pdan-ko‘p tarixiy voqealarning guvohi bo‘lganini qayd etib o‘tgan: Sovuq urushning boshlanishi, Shimoliy Irlandiya bilan sulh, Angliyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionati va Oyga fazogirning qadami yetishi.
Buyuk Britaniyada qirolichaning 90 yoshga to‘lishi munosabati bilan tantanali marosimlar o‘tkazilmoqda.
Qirolichaning kelishi mushakbozlik bilan kutib olindi. U turmush o‘rtog‘i, Edinburg gersogi Filip bilan qal'a oldidagi maydonda Happy Birthday sadolari ostida qoq tushki payt paydo bo‘ldi. Qirolicha shahar ratushasida tengdoshlari — 21 aprel kuni 90 yilligini nishonlayotgan britaniyaliklar bilan ko‘rishdi. Suhbat va tort kesish marosimidan so‘ng qirolicha hamda uning turmush o‘rtog‘i ochiq Range Rover avtomobilida tik turib, Vindzor ko‘chalari bo‘ylab aylandi.
Tug‘ilgan kunini odatda oila davrasida nishonlaydigan va yubiley uchun istisno qilgan Yelizaveta II kechki payt omma orasida yana bir bor paydo bo‘ladi. U Vindzorda o‘rnatilgan mash'alalardan birini yoqib beradi, shundan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab mingdan ortiq katta-kichik olov yoqiladi. Qirolichaning katta o‘g‘li, Uels shahzodasi Charlz qisqa nutq so‘zlashi kutilmoqda, keyin esa Vindzor qal'asidagi kechki ziyofatda yubiley sohibasini yaqinlari tabriklaydi.
Qirolicha 90 yoshga to‘lganligining keng ko‘lamdagi nishonlanishi esa may va iyun oylarida bo‘lib o‘tadi.