Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan "Oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom"ga muvofiq odatda yozgi ta'til davrida, tegishli kurs (semestr) o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishiga qadar amalga oshiriladi. Bu haqda "Darakchi" nashri yozmoqda.
Mazkur nizomga asosan har yili yozgi ta'til davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shu jumladan, har bir hududda bir oliy ta'lim muassasasida fuqarolardan talabalar o‘qishini ko‘chirish (tiklash) haqidagi arizalarni qabul qilish bo‘yicha vazirlikning Ishchi guruhlari tashkil etiladi.
Nizomning 29-bandiga binoan o‘qishdan chetlatilgandan keyin 5 yildan ortiq muddat (harbiy xizmatda bo‘lganlik, uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni parvarish qilish bilan bog‘liq mehnat ta'tili hamda sog‘liqni qayta tiklash vaqtlari ushbu muddatga kirmaydi) o‘tgan hollarda talabalar o‘qishini qayta tiklash O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Idoralararo komissiyasining ruxsati bilan amalga oshirilishi belgilangan.