Suriyaning Idlib viloyati hududida amalga oshirilgan havo zarbalari tufayli 44 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Syrian Observatory for Human Rights xabar tarqatgan.
Ma'lum qilinishicha, Maarret-en-Nuuman shahridagi bozorga aviazarba berilishi tufayli 37 kishi halok bo‘lgan, Kafr-Nabldagi hujum natijasida esa 7 kishi qurbon bo‘lgan. Bu ikki shahar ham Suriya muxolifati nazorati ostida hisoblanadi.
Huquq himoyachilari bu aviazarbalar Suriya hukumati tomonidan berilganini aytishmoqda.
AQSh Davlat departamenti vakili Jon Kirbi ham bu aviazarbalar Suriya hukumati aviatsiyasi tomonidan amalga oshirilganini taxmin qilgan.
Fevral oyi oxirida tuzilgan sulhga keyingi kunlarda amal qilinmaslik holatlari kuzatilmoqda.