IShID terroristik guruhidan ozod etilgan Iroqning Ramadi shahrida bir nechta ommaviy qabrlar aniqlandi. Ularda, jangarilar qatl etgan harbiy xizmatchilar va mahalliy aholi vakillari jasadlarining qoldiqlari bor. Bu haqda, Ramadi prokurori vazifasini bajaruvchi Ibrohim al Usij ma'lum qilgan.
"Shahar janubida topilgan uchta ommaviy qabrda Iroq armiyasi va mahalliy fuqarolarning 30 dan ortiq vakillarining jasadi aniqlangan. Ular terrorchilar shaharni nazorat qilgan vaqtlarda o‘ldirilgan".
Uning aytishicha, birodarlik qabrlari shahar stadioni yaqinida topilgan. Al-Usijning qo‘shimcha qilishicha, asosan Iroq askarlari qoldiqlari bo‘lgan qabrlarda bir necha bolaning jasadi ham bor.
Ayni vaqtda, qoldiqlar, shaxsini aniqlash maqsadida tibbiy ekspertizaga yuborilgan.
Shu yilning fevral oyi o‘rtalarida, IIVning Anbar viloyatidagi vakili, ushbu viloyat ma'muriy markazi bo‘lgan Ramadi shahrining sharqiy chekkasidagi As Sufiya tumanida kamida 50 kishi dafn etilgan qabr topilganini e'lon qilgan edi.
Yanvar oyida esa, Ramadining qoq markazida joylashgan Al-Jamaiyya tumanida jangarilar qurboniga aylangan 40dan ortiq iroqlik harbiyning jasadi topilgan edi.
Iroq hukumati Anbar viloyati ma'muriy markazi Ramadi shahrini 2015 yil dekabrida ozod qilgan edi.