Ekvadordagi halokatli zilzila qurbonlari soni 525 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Ekvador bosh prokuraturasi ma'lum qilgan.
Ayni vaqtgacha vayronalar ostidan 518 kishining jasadi chiqarib olingan va qarindoshlariga yetkazilgan. Qurbon bo‘lganlar orasida 11 nafar xorijlik bor: Kuba, Kolumbiya, Dominikan Respublikasi, Irlandiya, Kanada va Buyuk Britaniya. Shuningdek, 4 mingdan ortiq kishi zilzila tufayli jarohatlangan.
Mamlakat prezidenti Rafael Korrea qutqaruvchi guruhlar o‘tgan 3 kun davomida 54 kishini vayronalar ostidan chiqarib olgani haqida ma'lum qildi.
Mamlakat iqtisodi bu zilzila tufayli 3 mlrd dollar atrofida zarar ko‘rgan.
10ta mamlakatdan qutqaruvchi guruhlar Ekvadordagi qutqaruv amaliyotlarida qatnashish uchun insonparvarlik yordamlari bilan yuborilgan.
Hukumat prognozlariga ko‘ra, bu mamlakat bu zilzila asoratlaridan qutilib, tiklanishi uchun bir necha yil talab etiladi.
Ekvadorda 17 aprel kuniga o‘tar kechasi 7,8 magnitudali zilzila yuz berdi.
Avvalroq mazkur yer silkinishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 413 kishiga yetganligi haqida ma'lum qilingan edi.
Bundan tashqari, Ekvador Xavfsizlik vazirligining ma'lum qilishicha, 230 dan ortiq odam bedarak yo‘qolganligi qayd etilgan. Hozirgi paytda vayronalarda qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.