Xitoyda rasman turmush qurishga qizlar uchun 20 yosh, yigitlarga esa 22 yoshdan ruxsat beriladi. Biroq ko‘pchilik bu qoidaga amal qilmasdan oila qurishga judayam shoshadi.
Natijada, ma'lumoti bo‘lmagan yosh ota-onalar ish izlab uzoqlarga ketganda, ularning norasida bolalari buvi-buvalar qo‘lida qolib ketadi.
Ayniqsa, Xitoyda “bitta oila – bitta bola” siyosati bekor qilingach, o‘smirlar o‘rtasidagi nikoh avj olib ketdi.
Fotograf Mu Tszi Syao Xitoyning janubiy qishloq hududlarida xuddi shunday oilalarning turmush tarzini suratlarga muhrladi.
“Bitta oila – bitta bola” siyosati davrida Xitoyda ayollarga nisbatan erkaklar soni ortib ketdi. Endi yosh yigitlar tezroq uylanishga harakat qila boshladi, chunki vaqt o‘tgan sari munosib qalliq topish qiyin bo‘lib boradi. Ko‘p hollarda yosh oilalar o‘z ota-onalariga moddiy qaram bo‘lib, ularning hisobiga kun kechiradi. Yosh xotinlarning hayoti esa asosan uy-xo‘jalik ishlar va bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘ladi.
16 yoshli Tsay va 17 yoshli Min uch oygina uchrashib, 2013 yili turmush qurishgan. Endi ular Minning ota-onasi bilan ularning hisobiga yashashadi.
Syao Tsay bir yildan buyon oilali, uning ikki oylik farzandi bor. Beshinchi sinfdayoq maktabga bormay qo‘ygan (Yunnan provinsiyasi).
13 yoshli Syao Tsze tanishganiga uch kun bo‘lgan 18 yoshli yigitga turmushga chiqqan. Yigitning ota-onasi ularni boqish uchun uyidan minglab kilometr uzoqlarda qora ishchi bo‘lib ishlaydi (Yunnan provinsiyasi).
Tszening so‘zlariga ko‘ra, u bunchalik erta homilador bo‘lishni istamagan, biroq u saqlanish yo‘llaridan bexabar bo‘lgan.
7 yoshli Syao Yuan Yansi qishlog‘ida yashaydi. Onasi uni 17 yoshida tuqqan. Xitoyda bolalar 6 yoshida maktabga borsa-da, u haliyam maktabga bormagan.
4 yoshli Syao Le 20 yoshli ota-onasi bilan videoqo‘ng‘iroq paytida. Ota-onasi bola ikki yoshligida Chjetszyan provinsiyasida qora ishchi bo‘lib ishlash uchun ketgan.
Qizlar ota-onasi hisob-kitob bilan turmushga berishlaridan cho‘chib ertaroq erga tegishga shoshadi.
Fizika fani daftari orasiga qistirilgan maktub: “Salom, yigiting bormi? Men bilan uchrashasanmi? Sen menga yoqasan, iltimos taklifimni qabul qil. Javob ber”.
Qizlarda maktabga bormay qo‘yish – to‘g‘ri degan xato tasavvur shakllangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida oilaviy munosabatlardan tortib, turmush qurish yoshigacha qat'iy belgilab qo‘yilgan. Kodeksning 15-moddasiga ko‘ra, nikoh yoshi erkaklar uchun o‘n sakkiz yosh, ayollar uchun o‘n yetti yosh etib belgilanadi.
Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda, ya'ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e'lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.