Yaponiyaning Keyo universiteti mutaxassislari va Cyberdyne kompaniyasi orqa miyaning shikastlanishini iPS-hujayralari va robotlashtirilgan ekzoskeletlar yordamida davolash usulini ishlab chiqishga kirishishdi. Bu haqida TASS "Nikkey" gazetasiga asoslanib xabar berdi.
Birinchi bosqichda tadqiqotchilar yarim yildan ortiq vaqt davomida orqa miya jarohati bilan yashab kelayotgan 20-30 nafar bemorni tanlab olishadi. Bir necha oy mobaynida haftada 3-5 marta mashqlarga qatnashadi va u yerda maxsus robotlashtirilgan HAL kostyumi yordamida jismoniy mashqlar bajarishadi. Har bir mashqning davomiyligi bir soatdan kam bo‘lmagan vaqtni o‘z ichiga oladi. Kostyumning vazifasi shundan iboratki, unga biriktirilgan ko‘p sonli datchiklar miyadan oyoqlarga uzatiladigan signallarni qabul qiladi va shu asnoda mexanizmning alohida tugunlari harakatga keladi, bu insonga qimirlashda yordam beradi.
Muhandis va shifokorlar mazkur terapiyaning muvaffaqiyatiga doir xulosaga kelishgunicha, professor Xidyueki Okano iPS-namunalardan asab hujayralari ishlab chiqish bo‘yicha tajribalarini boshlaydi. Sal keyinroq yangi asab to‘qimalari o‘sishini rag‘batlantirish maqsadida ularni bemorlarga ko‘chirish rejalashtirilmoqda.
Agar ikkala tajriba ham omadli kechsa, biroz vaqt o‘tib, tadqiqotlarning ikkinchi bosqich ishtirokchilari - ancha yillaridan beri orqa miya shikastlanishidan jabr ko‘rib yashayotgan hamda ekzoskeletlar yordamida davo topa olmagan kishilar bo‘ladi. Bunday bemorlar bilan ishlash jarayonida tadqiqotchilar ikki usulni ham qo‘llashadi - robotlashtirilgan kostyumlarda mashqlar bajarish va asab hujayralarini ko‘chirib o‘tkazish.
Bugungi kunga kelib Yaponiyada kamida 100 ming kishi falajdan yoki orqa miya jarohatidan azob chekmoqda.