Yamala-Nenets avtonom hududidagi Belyy orolida "Robinson" vertolyotining xavfli qo‘nishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqida Meduza nashri Ural tergov boshqarmasining ma'lumotiga tayanib xabar berdi.
Vertolyot halokati yuzasidan harakat xavfsiziligi qoidalarining buzilishi, ikki va undan ortiq kishining o‘limiga olib keluvchi havo transportining ekspluatatsiya qilinishiga doir jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
"Vertolyot yetib borish qiyin bo‘lgan joyda halokatga uchragan", deb xabar beradi viloyat transport tergov boshqarmasi matbuot xizmati.
Shuningdek, voqea sodir bo‘lgan joyga tergov guruhi jo‘natilishi masalasi hal qilinayotganini bildirdi.
Halokatga uchragan vertolyot bortida "Ikki kapitan izidan" ekspeditsiyasi a'zolari bo‘lgan. Ekspeditsiya a'zolari 1914 yilda yo‘qolgan kapitan Georgiy Brusilovning izini topishga harakat qilishmoqda.