«Marsel» jamoasi rasmiy saytida ispaniyalik mutaxassis Michel bosh murabbiylik lavozimidan iste'foga chiqarilgani haqida rasmiy xabar berildi.
Rahbariyat o‘tgan yilning avgustida jamoaga bosh murabbiy sifatida tayinlangan ushbu 53 yoshli mutaxassisning ko‘rsatgan natijalaridan qoniqish bildirmagan. «Marsel» mavsumda atigi 8ta o‘yinda g‘alaba qozondi va ayni vaqtda 15-o‘rinni egallab turibdi.
Jamoa oxirgi marta uy uchrashuvidagi g‘alabani o‘tgan yilning sentabrida qayd etgandi.
Mavsum yakunigacha jamoani vaqtincha murabbiy sifatida Michelning yordamchisi Frank Passi boshqaradi. Unga esa Fransiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Bazil Boli yordamchilik qiladi.
Bundan oldinroq, o‘zaro shartnomaning bir tomonlama buzilishi tufayli Michelga 2,5 mln yevro miqdorida tovon puli to‘lanishi haqida ma'lum qilingandi.
«Marsel» 20 aprel kuni Fransiya Kubogining yarim finalida «Sosho»ga qarshi o‘yin o‘tkazadi.