Hindiston janubida ikki hafta davomida jazirama tufayli 200dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Hindiston sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lum qildi. Odishya, Telengana va Andxr-Pradesh shtatlari eng ko‘p aziyat chekkan.
Eng katta talofatni Telengan shtati ko‘rdi – issiq urishi oqibatida nobud bo‘lganlar soni 100 nafardan ortib ketdi.
Meteorologlar mavsumga xos bo‘lmagan issiqlikni qayd etmoqda. Kunduzi salqinda termometr 43 daraja issiqni ko‘rsatmoqda. Bu esa normadan 5-6 daraja baland hisoblanadi.
Odishyada vaziyat yanada og‘ir. Kunduzi issiqlik 46 daraja issiq bo‘lmoqda. O‘tgan haftaning o‘zida bu yerda issiq urishidan 45 kishi halok bo‘ldi.
Olimlarning bashoratiga ko‘ra, Hindiston janubida bu yil maksimal issiqlik 48 darajadan oshadi. O‘tgan yilgi jaziramadan 2 mingdan ortiq kishi nobud bo‘lgan holatning takrorlanishidan xavfsirab, hukumat mamlakatning eng issiq tumanlarida favqulodda holat e'lon qildi. Aholiga soat 11dan 13gacha uydan chiqmaslik tavsiya qilinmoqda. Tekin suv va zardob (qatiqdan ajrab chiqadigan suyuqlik) tarqatish punktlari ko‘paytirilmoqda.