«'»: Rossiyaliklar daromadining yarmidan ortig‘ini yegulikka sarflamoqda

Iqtisodiyot 10:45 / 19.04.2016 1377

Rossiyada davom etayotgan iqtisodiy inqiroz sababli mamlakat fuqarolari daromadlarining 50 foizdan ko‘prog‘ini iste'mol mahsulotlariga sarflashga majbur bo‘lishmoqda.

«Shu kabi holat 2008-2009 yillarda ham qayd etilgan edi», deb yozmoqda «Kommersant'» nashri, Rossiya prezidenti huzuridagi xalq xo‘jaligi va davlat xizmati Rossiya akademiyasi (RANXiGS) qoshidagi ijtimoiy tahlil va prognozlash institutiga tayangan holda.

2016 yil fevral oyi yakunlariga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlari bilan birga qo‘shib hisoblanganda, oziq-ovqat ulushi, chakana savdoning 50,1 foizini tashkil etgan. 2009 yil mayida ushbu ko‘rsatkich jami savdo aylanmasining 48,6 foizini, 2014 yilda esa, 47 foizini tashkil etgan edi.

RANXiGS instituti ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yil fevralida Rossiya fuqarolarining real daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,9 foizga pasaygan. Real oylik maosh 2,6 foizga pasaygan, qashshoqlik darajasi esa 13,4 foizga ko‘tarilgan.

Tadqiqot natijalariga binoan, mamlakat aholisining yarmi turmush darajasining pasayishini e'tirof etmoqda. Shu boisdan, nafaqat kam ta'minlangan oilalar, balki o‘rta sinf vakillari ham tejamkorlik yo‘liga o‘tishgan. Rossiyaliklarning ushbu ikki guruhining 89 va 79,3 foizi tegishli ravishda mahsulot va xizmatlar uchun pullarini tejay boshlagan.

Xabar qilinishicha, oziq-ovqat mahsulotlari narxi birinchi chorakda 6,9 foizga qimmatlashgan, bir yil avval bu ko‘rsatkich 22,4 foizni tashkil etgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: