Italiyaning ITINERA kompaniyasi Eronda 4 mlrd dollarga ikkita tezyurar temir yo‘l quradi. Bu haqda Fars agentligi xabar berdi.
"Italiya Eronda temir yo‘l qurishga 4 mlrd investitsiya qilishga rozi bo‘ldi. Qurilish haqidagi kelishuv Tehronda Italiyaning ITINERA kompaniyasi va Eronning bu sohadagi ikkita yetakchi kompaniyasi o‘rtasida imzolandi", deyilmoqda xabarda.
ITINERA rasmiy vakili Pino Arlachining aytishicha, ayni vaqtda investitsion, sug‘urta va bank masalalari ustida ishlanmoqda. O‘zaro hisob-kitoblar yevroda amalga oshiriladi.
Eron temir yo‘llari tashkilotining xalqaro aloqalar boshqarmasi rahbari Abbos Nazariyning aytishicha, gap Kum-Araq va Tehron-Xamadan tezyurar temir yo‘llari qurilishi haqida ketmoqda. Nazariyning qo‘shimcha qilishicha, kreditning sug‘urtalanishini Italiya davlat eksport-kredit agentligi SACE ta'minlaydi. Bu aksionerlik jamiyati Tehron va Rim o‘rtasidagi bitimlarni cheklanmagan miqdorda sug‘urtalashni ta'minlashga tayyorligini bildirdi, deb ta'kidlab o‘tdi Fars agentligi.