Ekvadorda 17 aprelga o‘tar kechasi 1979 yildan buyon eng kuchli zilzila ro‘y berishi oqibatida 77 kishi halok bo‘lgani va 600ga yaqin kishi jabrlangani tasdiqlandi. Bu haqda Ekvador prezidenti ma'muriyatining tvitterida xabar qilingan.
"Ayni vaqtda qurbonlar soni 77 nafarni tashkil qilmoqda, 588 kishi jarohatlangan holda shifoxonaga olib kelingan", deyiladi xabarda.
Bundan oldinroq, qurbonlar soni 41 nafar bo‘lgani aytilgandi.
Zilzila 17 aprelga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan soat 23:58da (Toshkent vaqti bilan 17 aprel, soat 04:58da) sodir bo‘ldi. 7,8 magnitudali zilzila episentri Muisne shahridan 27 km janubi-sharqda yuz berdi. Uning o‘chog‘i esa 20,2 km chuqurlikda joylashdi.
Tinch okeani sunami haqida ogohlantirish markazi zilzila episentridan 300 kilometrgacha masofada xavfli to‘lqinlar yuzaga kelishi mumkinligi haqida xabar berdi.
Ekvadorning oltita provinsiyasida kuchli zilzila tufayli favqulodda holat e'lon qilindi. Milliy gvardiya safarbar etilgan.