2016 yil 16 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligida videoselektor shaklida hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda, Mehnat vazirligining hududiy bo‘limlari va vazirlik qoshidagi tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, OAV vakillari qatnashdilar.
Hay'at raisi, mehnat vaziri A. Abduhakimovning qayd etishicha, prezident Islom Karimovning 22 fevraldagi «Aholining yordamga muhtoj qatlamini ijtimoiy muhofaza qilish va tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi» farmoni bilan, O‘zbekiston mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qayta tashkil etilib, Mehnat vazirligiga aylantirildi.
Hujjatga muvofiq, avvalgi vazirlikning aholini ijtimoiy himoya qilishga doir vazifasi, xususan nogironlar, nogiron bolalar, urush qatnashchilari, veteranlar, qarovchisi yo‘q yolg‘iz qariyalar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, imkoniyati cheklangan fuqarolarni kasbga qayta tayyorlash va o‘qitishni tashkil etish kabi vazifalari Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi ixtiyoriga berilgan. Bundan tashqari, nogironlar va qariyalar uchun mo‘ljallangan «Muruvvat» va «Saxovat» mehribonlik uylari, nogironlarni protezlash va reabilitatsiya milliy markazi, nogironlarni reabilitatsiya qilish hududiy markazlari, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriya va pansionatlar, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun Toshkent va Farg‘onadagi Respublika maxsus kasb-hunar kollejlari hamda poytaxtdagi 2 yuridik kolleji ham O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi ixtiyoriga o‘tkazildi.
Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy yordam berish va tayinlash majburiyati Moliya vazirligiga berilgan, (pensiya bilan ta'minlash vazifasi 2010 yildan Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi vakolatiga kiradi).
Shu munosabat bilan, Mehnat vazirligi endilikda, mehnat va aholi bandligi, mehnat xavfsizligi, mehnat huquqi va manfaatlarini himoya qilish, mehnatga haq to‘lash usullari, ishga joylashishga ko‘maklashish, aholining ishsiz qatlamini, birinchi navbatda yoshlar, ayollar va nogironlarni professional kasbga o‘qitish va qayta tayyorlash vazifalari bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari, mehnat va bandlikni himoya qilish sohasida qonun talablariga rioya etishni nazorat qilish majburiyatini ham Mehnat vazirligi ado etadi. Ushbu o‘zgarishlar, aholini ishga joylashtirish masalalari bilan jiddiyroq shug‘ullanish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni yangi sifat darajasiga ko‘tarishga yordam beradi, degan mehnat vaziri Abduhakimov.
Hay'at yig‘ilishida, vazirlik va uning bo‘limlarining 2016 yil birinchi choragidagi faoliyatiga oid hisobotlari tinglandi. 2016 yilgi prognoz ko‘rsatkichlarni amalga oshirish choralari to‘g‘risida fikrlar almashildi. Ishga joylashtirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish hamda hisobot davrida mehnatni muhofaza qilishga doir masalalar muhokama etildi.
Shu bilan birga, «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturida belgilab berilgan vazifalarni bajarishga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, ijro intizomi masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash to‘g‘risidagi ma'lumotlar muhokama etildi.
Hay'at yig‘ilishi so‘nggida, majlis qatnashchilari va OAV vakillari, Vazirlar mahkamasining 2016 yil 22 martdagi №219-f farmoniga muvofiq o‘tkazilgan, Mehnat vazirligi xodimlarining attestatsiyasi natijalari bilan tanishtirildi. Majlis yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.