Berlin mafiyasi Germaniyaga kelgan qochqinlarni o‘z safiga yollamoqda

Jahon 21:11 / 16.04.2016 1929

Die Welt nemis gazetasida chop etilgan hisobotga ko‘ra, Germaniyada barcha migratsiya inqirozini muhokama qilayotgan bir paytda jinoiy guruhlar bu inqirozdan foydalangan holda, o‘z saflariga qochqinlarni jalb qilmoqda. Germaniya politsiyachilar kasaba uyushmasi rahbari Bodo Pfaltsgraf RT telekanaliga bergan intervyusida jinoyatchilar yolg‘iz va jismonan baquvvat yoshlarni faollik bilan o‘z saflariga yollashayotganlarini aytdi.

Pfaltsgrafning aytishicha, oxirgi vaqtlarda yangi qochqinlar lageri ochilishi bilanoq, u yerga bir necha kundan keyin qora limuzinlarda odamlar kelib, yoshlarni yollayotgani haqida xabarlar tushmoqda.

Jinoiy to‘dalar bunday qochqinlardan asosan "iflos" ishlarni amalga oshirishda, ya'ni o‘g‘irlik, giyohvand moddalar sotish, raqiblarni do‘pposlashda foydalanadilar. Ta'kidlanishicha, politsiya va prokuraturadagilar bu holatdan xabardorlar, biroq bunga qarshi qandaydir huquqiy choralar ko‘ra olmayaptilar.

"Yolg‘iz yoshlar ayniqsa jinoyatchilar oldida zaiflar. Qizlar o‘z irodalariga qarshi bordellarga tushishlari mumkin. Eng katta xavf ostida mahalliy aholi orasida tarqalib ketgan yoshlar qolmoqda – ularning joylashgan o‘rni haqida ishonchli ma'lumotlar yo‘q. Berlinning o‘zida biz ular haqida hech narsa bilmaydigan 20 mingga yaqin qochqin bor", deb aytdi Pfaltsgraf.

Pfaltsgrafning aytishicha, jinoiy klanlarning strukturasi oilaviy rishtalarga asoslangan bo‘lib, ularni italyan mafiyasiga qiyoslash mumkin. Ularga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atish ancha mushkul, chunki ular guvohlarni qo‘rqitadilar.

Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, Berlinda keng mafioz tarmog‘i quloch yozgan bo‘lib, unga arab va Osiyo davlatlaridan kelganlar kiradi. Biroq hukumat fikricha, Berlin jinoiy olamining kattagina qismi bir necha livan klanlari tomonidan nazorat qilinadi.

Shunga qaramay, Germaniya jinoiy politsiya federal boshqarmasida ta'kidlanishicha, tub nemislar muhojirlardan ko‘ra kamroq jinoyat amalga oshirmaydilar.

"Vujudga kelgan holat qochqinlar Germaniya aholisining boshqa guruhlaridan ko‘proq jinoyat sodir etishga moyilroq emasligini ko‘rsatadi. Ko‘pchilik qochqinlar qonunni buzishni istashmaydi, ular bizning davlatga himoya va tinchlik umidida kelishgan", deb aytmoqda Germaniya ichki ishlar vaziri Tomas de Mezer.

Ko‘proq yangiliklar: