Armaniston Tergov qo‘mitasining muhim ishlarni ko‘rib chiquvchi bosh boshqarmasida mamlakatning sobiq prezidenti Robert Kocharyan qarorgohiga hujum uyushtirilganligi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqida RIA Novosti xabar bergan.
Matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, jinoiy ish doirasida Armanistonning ikkinchi prezidentning qarorgohiga o‘quv granatasini otgan kishini topish bo‘yicha zarur tergov va qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 15 aprel kechqurun jinoyatchi Armanistonning sobiq prezidenti Robert Kocharyan qarorgohining bosh darvozasiga avtomobilda kelgan va soqchilar tomonga o‘quv granatasini irg‘itgan. Jinoyat ishi doirasida voqea sodir bo‘lgan joy tekshirib chiqildi, ko‘plab guvohlar so‘roq qilindi, avtomobilning rusumi va rangi aniqlandi.
"Hozirgi paytda tergov ishlari davom etmoqda. Tergov natijalari haqida qo‘shimcha ma'lumot beriladi", - deyildi matbuot xizmatida.