2016 yilning 15 aprel kuni O‘zbekiston respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Rossiya Federatsiyasi prezidentining Shanxay hamkorlik tashkiloti ishlari bo‘yicha maxsus vakili Baxtiyor Xakimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ShHT doirasidagi O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari va O‘zbekistonning tashkilotga raisligi davrida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda ShHTning ko‘p tomonlama institutlari tizimida alohida o‘rin tutadigan, 14-aprel kuni o‘z ishini yakunlagan Xavfsizlik kengashlari kotiblari 11-uchrashuvining samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston va Rossiya ShHTda ko‘p tarmoqli hamkorlikni izchil rivojlantirishdan, iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishini muvaffaqiyatli o‘tkazish va mazmunan boyitishdan, Rossiyaning mazkur tashkilotga raisligi davrida Ufa shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi Sammitda erishilgan kelishuvlarni, jumladan Hindiston va Pokistonni ShHTga qabul qilish jarayonlarini boshlash to‘g‘risidagi qarorni amalga oshirishdan birdek manfaatdor hisoblanadi.
Muzokaralarda Rossiya Elchisi Vladimir Tyurdenev ishtirok etdi.