«Shaxtyor» jamoasining xorvatiyalik himoyachisi Dario Srna muxlislar orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, Yevropa Ligasi haftaligining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda UYeFA rasmiy sayti xabar tarqatgan.
Donetskliklar jamoasi sardori chorak finalning javob uchrashuvida Portugaliyaning «Braga» jamoasiga qarshi uchrashuvdagi (4:0) gollardan biriga mualliflik qildi.
Qolaversa bu 33 yoshli futbolchining jamoa safida o‘tkazilgan 486-uchrashuvi bo‘ldi va u bu borada jamoa rekordchisiga aylandi.
Yevropa Ligasi haftasining eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun 4 nomzod tanlab olingandi. Yakunda Srna 45 foiz ovoz bilan g‘alaba qildi. «Liverpul» yarimhimoyachisi Filippe Koutino 30 foiz, «Vilyarreal» hujumchisi Sedrik Bakambu 20 foiz, «Sevilya»ni keyingi bosqichga olib chiqqan gol muallifi (penaltilar seriyasidagi aniq zarba) Kevin Gameyro 5 foiz ovoz olgan.