O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi navbatdagi Full-flight-o‘quv simulyatorini sotib olmoqda. Bu haqda UzDaily.uz xabar bergan.
Kanadaning CAE kompaniyasi ma'lum qilishicha, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi bilan Boeing 767 samolyotining o‘quv simulyatorini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Xabarda bitim qiymatiga oydinlik kiritilmagan.
CAE kompaniyasining axborotiga ko‘ra, yangi o‘quv qurilmasi «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining mashg‘ulotlar bazasiga joylashtiriladi. 2016 yilning noyabridan boshlab simulyatorda mashg‘ulotlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasining mashg‘ulotlar majmuasi nafaqat o‘z uchuvchilarini tayyorlash, balki xorijiy aviakompaniyalarga ham uchuvchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha xizmat turini taklif etish imkonini beradi.
Bugungi kunda MAK mashg‘ulotlar majmuasida Boeing 757/767 va A320 samolyotlarining zamonaviy trenajyerlari, shuningdek, mahalliy Il 114-100 samolyotining Full-flight simulyatori mavjud.