Mo‘g‘ulistonda chiroyli libosdagi ayolning qadimiy mo‘miyosi topildi

Jahon 00:14 / 14.04.2016 1550

Mo‘g‘ulistonning Xovd shahridagi tarix muzeyi arxeologlari Oltoy tog‘larida qadimiy turk ayoliga tegishli mo‘miyoni topishdi. Topilma 1500 yoshlar atrofida deb baholanmoqda.

Qazilma ishlari turk aholisi hududidagi dengizdan 3000 metrga yaqin balandlikda o‘tkazildi. Bu yerda taxminan eramizning 552-745 yillarida dafn marosimi bo‘lganligi qayd etildi. Arxeologlar fikricha, dafn etilgan ayolning ustida qimmatbaho kiyim bo‘lishiga qaramay, u boy oilaning a'zosi bo‘lmagan.

Dafn etilgan murda 3 metr chuqurlikka ko‘milgan bo‘lib, mo‘miyo past harorat tufayli yaxshi saqlangan. Tana sinchkovlik bilan tekshirilgach, mutaxassislar marhumaning yoshini aniq ayta olishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqida Daily Mail tadqiqotchi B. Suxe-Batorning so‘zlariga tayanib xabar beradi.

Shuningdek, qazishma davomida ot egari va jilovi, dizgin, loydan yasalgan ko‘za, yog‘och tog‘ora ham topilgan. Tadqiqotchilar ot qurbonlik uchun olib kelinganligini qayd etishmoqda. Bundan tashqari, mo‘miyolangan ayol yonidan paxta, qo‘y juni va tuya terisidan tikilgan kiyimlar ham topilgan. Ba'zi matolarda kashta namunalari saqlanib qolgan.

“Qazilma natijalari shundan dalolat beradiki, qadimiy turklar san'atsevar ustalar bo‘lishgan. Qabr badavlat ayolniki bo‘lmaganini hisobga olgan holda biz hunar ko‘nikmalari barcha aholi orasida keng rivojlanganini sezishimiz mumkin”, - deydi Suxe-Bator.

Birinchi turk qabilalari eramizning VI asr boshlarida Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan va keyinchalik hozirgi Sibir hududiga ko‘chib o‘tgan. Xitoy qo‘lyozmalarida Buyuk ipak yo‘lining qurilishi boshida turklar ilk bor zikr etilgan. Shunga muvofiq, turklar o‘z tili, madaniyati va yozuviga ega.
Qabilalar dafn marosimlarida tobut ustiga unga zulmatli olamda kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha zarur buyumlarni qo‘yib ko‘mishgan.
Mo‘g‘ulistonlik arxeologlar bu kabi qadimiy dafn marosimi ilk bora Markaziy Osiyo hududida topilganligini qayd etishdi. Bu kabi noyob udumlar olimlarga qadimiy Mo‘g‘ulistonda yashagan turklarning e'tiqod va marosimlari haqida yangi ma'lumotlarni qidirib topishga yordam beradi.

Ko‘proq yangiliklar: