Yaponiyada robot ilk marta o‘rta maktabga bordi

Fan-texnika 11:46 / 13.04.2016 1325

Yaponiyaning Fukusima prefekturasida joylashgan Vaseda shahrida gapira oladigan, Pepe (Pepper) ismli gumanoid robot o‘rta maktabga qabul qilindi.

"Ushbu kibernetika uskunasi jahonda ilk marta o‘quvchilar bilan birga ta'lim oladi", deyiladi TASS agentligi xabarida.

Shu munosabat bilan maxsus marosim o‘tkazilib, o‘quvchilar robot bilan muloqot qilish imkoniyatidan ko‘proq foydalanishga chaqirildi. Bu esa ularning kelajak hayotlarida qo‘l keladi.

Pepening o‘zi esa, "insonlar maktabiga qabul qilinishini xayoliga ham keltirmagan"ini aytar ekan, "bor kuchi bilan ta'lim olish"ga va'da berdi.

Ushbu qurilma nafaqat yaponcha, balki ingliz tilida ham so‘zlasha oladi. Shu bois uning yordamidan asosan ingliz tili darslarida foydalanish rejalashtirilgan.

Pepper Yaponiyaning Softbank Corp mobil aloqa kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu kabi uskunalar hozircha bank va do‘konlarda mijozlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida ishlab chiqarilmoqda.

O‘tgan yilning iyun oyida Pepper robotlarining mingtasi 214 ming iyen (1,9 ming dollar) narxda bir daqiqa ichida xarid qilib olingandi.

Ishlab chiqaruvchilarning ta'kidlashlaricha, robotga ko‘p miqdorda kamera va axborot uzatgichlar o‘rnatilgan. Shu sababli, u insonga xos xursandlik, xafalik, qo‘rquv, hayajon kabi barcha hissiyotlarni anglay oladi. Pepper vaziyatdan kelib chiqib, hazilga kulgi bilan javob berishi yoki xo‘jayiniga taskin berishi mumkin. U shuningdek, mustaqil ilm olish qobiliyatiga ham ega.

Yaponiya hukumati mamlakat iqtisodiyotning ushbu sohasida jahonda yetakchilik qilishidan umid qilgan holda, robotlar ishlab chiqish va ularni keng joriy qilishni qo‘llab-quvvatlab keladi. Xususan, kibernetika uskunalarini ishlab chiqarish sohasiga joriy etayotgan firmalarga davlat byudjyetidan subsidiyalar ajratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: