Shayxontohur tuman IIB huquqbuzarliklarining oldini olish bo‘limi voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi guruhi inspektori Shahzod Isroilov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) “Azizbek Pay Mobile” xususiy korxonasiga qarashli kompyuter xizmatlari ko‘rsatish tarmog‘iga tekshirish uchun kirib, ushbu kompyuter o‘yingohidagi kompyuterlardan birida “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan taqiqlangan kino mahsulotlari mavjudligini ro‘kach qilib, narxi 4 mln. 250 ming so‘m bo‘lgan protsessorni hech qanday hujjatlarni rasmiylashtirmasdan olib ketadi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar bermoqda.
Olib ketilgan kompyuter protsessori yuzasidan hech qanday hujjat rasmiylashtirmagan va unga tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmagan bo‘lsada, protsessor xotirasidagi kino mahsulotlarini ekspertezadan o‘tkazib, xulosa natijalari bilan korxona vakili Murod Mirolimovni qo‘rqitish maqsadida o‘z vakolat doirasidan chetga chiqadi. Ya'ni u O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga xat tayyorlab, tuman IIBdagi “Chiqish hujjatlarini hisobga olish jurnali”dan ro‘yxatdan o‘tkazib, protsessorni ekspertizaga topshiradi. Kompyuter xotirasidagi “Bleyd” va “Sumerki” nomli xorijiy kinofilmlar shafqatsizlik, zo‘ravonlik, va vahshiylikni targ‘ib qilgani bois, “O‘zbekkino” Milliy agentligi ekspert baholash komissiyasi tomonidan “Respublika hududida namoyish etish, ijaraga berish, ko‘paytirish va sotishga tavsiya etib bo‘lmaydi, deb topilgan filmlar ro‘yxati”ga kiritilgani haqida ekspertiza xulosasini oladi.
Shundan so‘ng u M.Mirolimovni chaqirib, ekspertiza xulosasi bilan tanishtiradi. Unga nisbatan MJtKning 1891-moddasi bilan ma'muriy javobgarlik haqida ish qo‘zg‘atilishini, ishni sudga yuborib, unga nisbatan eng kam ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinishi hamda “Azizbek Pay Mobile” xususiy korxonasiga tegishli barcha mol-mulklar davlat foydasiga musodara etilishini ta'minlash bilan qo‘rqitadi. Ushbu choralarni ko‘rmaslik evaziga esa undan 1500 AQSh dollari berishini talab etadi. Oradan uch kun o‘tib Sh.Isroilov undan qonuniy chora ko‘rmaslik va kompyuter protsessorini qaytarib berish evaziga 1000 AQSh dollarini olayotganida qo‘lga olindi.
Sud sudlanuvchi Sh.Isroilovga 5 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.