Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev Islom hamkorlik tashkiloti a'zolari bo‘lgan mamlakatlarni xalqaro terrorizmga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi. U Turkiyada o‘tayotgan Islom hamkorlik tashkilotining XIII Sammitida ishtirok etmoqda. Bu haqda Interfaks agentligi xabar tarqatgan.
"IHT mamlakatlari birinchi navbatda musulmon dunyosiga xavf solayotgan xalqaro terrorizm muammosiga qarshi kurash uchun birlashishi kerak. Qirg‘iziston musulmon mamlakatlar yetakchilarini xalqaro miqyosdagi tinchlik va barqarorlikni ta'minlash uchun tinch yo‘l bilan olib borayotgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi", degan Abdildayev.
Qirg‘iziston TIV rahbari shuningdek, musulmon mamlakatlaridagi biznesmenlarni o‘z mamlakati bilan hamkorlik qilishga chaqirgan. Abdildayev Qirg‘izistonda biznes yuritish uchun jozibali sharoitlar muhayyo etilganini ta'kidlagan.
Bundan oldinroq, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev sammitda ishtirok etish uchun Istanbulga yetib kelgani ma'lum qilingandi.