Professional xakerlar AQSh Federal qidiruvlar byurosiga San-bernardinolik terrorchining iPhone 5s smartfonini ochishga yordam berganlar. Ular bu xizmatlari uchun mukofot puli olganlar, deb ma'lum qildi Washington Post nashri.
Avvalroq AQSh rasmiylari sud orqali Apple kompaniyasidan San-Bernardino shahridagi ijtimoiy markazda 14 kishini o‘ldirgan terrorchiga tegishli bo‘lgan smartfondagi ma'lumotlarni olib berishni talab qilishgan. Biroq Apple buni bajarishdan bosh tortgan. Shundan keyin biroz vaqt o‘tib, FQB smartfonni kompaniya yordamisiz ochishga muvaffaq bo‘lganini ma'lum qilgan va shu munosabat bilan Apple’ga qarshi da'vo arizasi qaytarib olingan.
"FQB terrorchining smartfonini professional xakerlar yordamida ochdi. Xakerlar smartfonning dasturiy ta'minotida avval noma'lum bo‘lgan kamida bitta xatoni aniqlashgan va u haqda FQBga ma'lumot berishgan", deb yozmoqda o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda nashr.
Xakerlar smartfondagi ma'lumotlarni o‘chirib yuborishi mumkin bo‘lgan smartfonning xavfsizlik tizimini chetlab o‘tib, uni ocha oluvchi apparat ta'minoti yaratganlari uchun bir martalik mukofot puli olishgan.