Nauru davlati XVJ va Jahon bankining 189-a'zosi bo‘ldi

Jahon 09:39 / 13.04.2016 2758

Tinch okeanining janubiy qismida joylashgan Nauru orol davlati Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining 189-a'zosi bo‘ldi.

Ikkala xalqaro tashkilot bu haqda 12 aprelda Nauru moliya vaziri Devid Adeang tegishli hujjatlarni tashkilotlarning Vashingtondagi bosh qarorgohlarida imzolagandan keyin ma'lum qildi. Nauruning XVJdagi dastlabki kvotasi 2,8 mln dollar miqdorida belgilandi.

XVJ direktori Kristin Lagard Nauruning tashkilotga qo‘shilishini qutlab, mamlakat "kichik orol davlatlar iqtisodiyotlari uchun umumiy muammolar", jumladan geografik uzoq joylashuvi va iqlim o‘zgarishi oqibatlari bilan duch kelayotganini ta'kidlab o‘tdi. "XVJ doirasida iqtisodiy hamkorlikda to‘laqonli ishtirok etish Nauruga foyda bo‘ladi", deb hisoblamoqda Lagard.

Naurugacha XVJ va Jahon bankiga oxirgi bo‘lib 2012 yil aprelda Janubiy Sudan a'zo bo‘lgandi.

Nauru Respublikasi maydoni 21,3 km kilometrni, aholisi 11 ming kishini tashkil qiladi. Orol 1968 yilda o‘z mustaqilligini e'lon qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: