Aralash jangovar san'at – MMA’ning (Mixed Martial Arts) 28 yoshli portugaliyalik jangchisi Joau Karvalyu TEF 1 kechasida irlandiyalik jangchi Charli Uordga qarshi jangning 3-raundida o‘z raqibiga texnik nokaut bilan yutqazdi. Jang Total Extreme Fighting 1 musobaqasi doirasida o‘tkazilgan.
Joau yarim o‘rta vazn toifasida ishtirok etgan. U jangdan keyin o‘zini yomon his qilayotganini aytgan. Unga birinchi yordam ko‘rsatilgan, biroq navbatchi shifokorlar brigadasi jangchining sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy muammolarni aniqlamagan. Keyinroq Karvalyu yechinish xonasida qattiq bosh og‘riqlaridan shikoyat qila boshlagan.
Karvalyu shifoxonaga olib borilgan, uning bosh miyasida operatsiya o‘tkazilgan. Jangchi yana ikki kun davomida yomon ahvolda bo‘lgandan keyin 11 aprelda kechki payt Dublindagi Beaumont Hospital shifoxonasida vafot etgan, deb xabar bermoqda Bleacher Report.
Jangchining vafot etganini jangchining jamoasi feysbukda tasdiqladi. "Nóbrega jamoasi sportchining o‘limini tasdiqlaydi. Biz katta afsus bilan Karvalyu oilasi va butun jamoaga samimiy hamdardliklarimizni bildiramiz", deyildi jamoa xabarida.