«Real» jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu YeChL chorak finalida «Volfsburg»ga qarshi kechgan javob uchrashuvidan so‘ng (3:0) fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Biz bu o‘yinda kamida 2ta gol urishimiz kerakligini bilardik. Biz intensiv o‘yin ko‘rsatdik, voqealar rivojini nazorat qildik, ko‘proq harakat qildik va ko‘plab vaziyatlar yaratdik. Bugun «Real» maydonda hukmronlik qildi.
Chempionlar ligasining o‘yinlarida muxlislar o‘zlarini boshqacha, faolroq tutishadi. Ushbu qiyin uchrashuvdagi g‘alabamizda ularning hissasi katta bo‘ldi. Bunday darajadagi uchrashuvda g‘alaba taassurotlari ham o‘ziga yarasha bo‘ladi. Sehrli kecha.
O‘z oldimga yangi maqsad qo‘ydim. Chempionlar ligasidagi rekordimni yangilashni istayman. Bu o‘yinda uchta gol urgan bo‘lsamda, bu mening eng yaxshi o‘yinim emasdi. Bundan ham yorqinroq o‘yinlarim bo‘lgan. Odamlar men maydonda bor kuchim bilan o‘ynashimni bilishadi. Statistika aldamaydi. Doim mehnat qilgan kishini Xudo qo‘llaydi.
Gollarim soni ortganidan xursand emasman, desam - aldagan bo‘laman. Ammo asosiysi jamoamiz g‘alabasi. Gol urishga bo‘lgan ishtiyoq mening DNKmda (dezoksiribonuklein kislota) bor. Men har doim jamoamga yordam berishni istayman. Meni tez-tez tanqid qilishadi, bunga o‘rganib qoldim. Hozir 31 yoshdaman, ammo bu mening o‘yinimga ta'sir ko‘rsatgani yo‘q.
«Atletiko» yoki «Barselona»? Qiyin tanlov. «Atletiko» himoyada yaxshi o‘ynaydi, bu jamoaga gol urish qiyin. «Barselona» - Yevropaning eng yaxshi jamoalaridan biri. Men yarim finalda «Benfika» qarshi tushishimizni istayman.
Futbol – bu syurprizlar chiqib keladigan qutiga o‘xshaydi. Biz «Barselona»ni yengdik, lekin keyin «Volfsburg»ga qarshi birinchi o‘yinda yutqazdik. «Siti» YeChLning yarimfinaliga chiqishini hech kim kutmagandi. Futbolda barchasi sodir bo‘lishi mumkin. Ispaniya chempionatida «Real» birinchi o‘rinda 12 ochko ortda qolayotgandi, hozir esa farq 4ta.
Menga Zidan bilan ishlash yoqmoqda. Men u halif futbol o‘ynaganida undan hayratlanganman», - deya Ronalduning so‘zlarini keltiradi As nashri.