Braziliyada 2 talonchi fol'ga (zar qog‘oz) yordamida bankning xavfsizlik tizimini buzib kirishgan. Lekin ularning harakatlari kuzatuv kameralariga yozib qolingan. Bu haqda UPI xabar tarqatgan.
Qayd etilishicha, 9 aprel kuni San-Paulu shtatidagi Praya-Grandi munitsipalitetidagi banklardan biriga 2 kishi ustiga to‘liq alyumin fol'ga qoplangan holda xavfsizlik tizimidan o‘tib kirishgan. Ularning holati kuzatuv kameralarida aks etgan.
Ular kuzatuv kameralariga tushib qolgach, bank qo‘riqchilari politsiya xodimlarini chaqirishgan. Lekin talonchilar huquq-tartibot organlari xodimlari yetib kelishgunicha bank hududini tark etishgan.
Politsiyaning qo‘shimcha qilishicha, bank tashqarisida talonchilarning bir sherigi atrofni kuzatish uchun qoldirilgan va aynan u politsiyachilarning kelayotgani haqida ichkaridagilarni ogohlantirgan. Gumonlanuvchilardan biri o‘sha kuniyoq qo‘lga olingan.