AQSh prezidenti Barak Obama keyingi 60 kun ichida 2001 yil 11 sentabrda AQShda sodir etilgan teraktlar tergovi haqidagi hisobotning 28 sahifasidan "mutlaq maxfiy" ustxatini (grifini) olishga buyruq beradi. Hujjatlarda Saudiya Arabistonida teraktlar bilan aloqalar borligi haqida ma'lumotlar bo‘lishi mumkin. Bu haqda 13 aprelda Fox news telekanali xabar berdi.
Telekanal bu tergovni olib borgan AQSh kongressi vakillar palatasi va senati komissiyasi tarkibiga kirgan sobiq gubernator Bob Gremga iqtibos keltirmoqda. Gremning aytishicha, Oq uyda uni 1-2 oy ichida hujjatlar oshkor qilinishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida xabardor qilishgan.
"Mening ikki yillik iltimoslarimdan keyin bu masala prezidentning yakuniy ko‘rib chiqishiga olib chiqilmoqda", deb aytdi Grem.
Gremni senator Kersten Jillibrend (Nyu-York shtati demokrati) va kongressning vakillar palatasidagi ozchilik yetakchisi (Demokratik partiya fraksiyasi) Nensi Pelosi qo‘llab-quvvatlagan. "Men vakillar palatasining razvedka bo‘yicha qo‘mitasining sobiq a'zosi va kongress 11 sentabrdagi teraktlar bo‘yicha o‘tkazgan tergovdagi eng yuqori darajadagi demokratman. Men sobiq senator Bob Grem bilan bu hujjatlarni oshkor qilish va ommaga tanishtirish kerakligi borasida hamfikrman. Kichik Jorj Bush ma'muriyatining buni qilishdan bosh tortishi katta xato bo‘lgan", deb aytdi Pelosi rasmiy bayonotda.
Oq uy matbuot xizmati mart oyida ma'lum qilganidek, Obama Saudiya Arabistoniga 21 aprelda tashrif buyuradi. Obama u yerda qirol Salmon ibn Abdulaziz al-Suad bilan uchrashadi va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etadi.
2001 yil 11 sentabrda jangari-xudkushlar yo‘lovchi samolyotlarni qo‘lga olib, ularda Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining ikkita minorasi va Pentagonning Virjiniya shtatidagi binosiga borib urilgan. Yana bitta qo‘lga olingan layner Shanksvill shahri yaqinida qulagan. Dunyodagi eng yirik terakt oqibatida 2996 kishi halok bo‘lgan, 6 mingdan ko‘proq odam jarohat olgan. Terakt tashkilotchisi deb "Al-Qoida" terrorchilik guruhi topilgan.