SNN telekanalining xabarlariga qaraganda, yuqumli virusli sariq bezgak kasalligi Angolada yuzlab kishilarning yostig‘ini quritishga ulgurgan. Ayni paytda epidemiya qamrovi kengayib, qo‘shni Kongo davlatiga ham tarqalmoqda. Bu yerda sariq bezgak allaqachon 21 kishining umriga zomin bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Kongo demokratik respublikasi ma'muriyatiga tayangan holda shu haqda bayonot berdi.
Unga ko‘ra, shu yilning yanvar-mart oylarida Kongoda 151 kishi ushbu xastalik bilan gumon qilinib shifoxonaga yotqizilgan. Kasallikka oid ayrim holatlar Kongoning Angola bilan chegaradosh hududlarida qayd etilgani sariq bezgak aynan Angoladan kirib kelgan deyishga asos bo‘lmoqda.
Angoladagi vaziyat esa bundanda ayanchli ahvolda. Ushbu haftada bu yerda kamida 225 kishi so‘nggi 30 yildagi eng dahshatli epidemiya qurboni bo‘lishdi. O‘lim holatlarining aksariyati Angola poytaxti Luandada qayd etilgan.
Shunga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Angolaga borib qaytayotgan sayyohlar vositasida epidemiyaning jahon miqyosida keng tarqalishidan xavotir bildirmoqda.
Sariq bezgak ikki turdagi chivinlar yordamida tarqalishiga ko‘ra, 2 xil bo‘ladi. Chivinlardan biri Zika virusi tarqatuvchisi ham hisoblanadi. Changalzorlar bezgagida, chivin kasal maymunni chaqib, virus tarqatuvchisiga aylanadi. Aholi punktlari bezgagida Aedes aegypti chivini virusni kasal odamdan sog‘ odamga yuqtiradi. Sariq bezgakning so‘nggi turi eng xavflisi bo‘lib, u xastalikni epidemiya darajasiga olib kelishi mumkin.
Har yili, jahonda 200 mingga yaqin kishi sariq bezgakni yuqtirib, shulardan 30 mingga yaqini hayotdan ko‘z yumadi. Kasallik asosan, Afrika qit'asida (jami holatlarning 90 foizi) tarqaladi.
Sariq bezgak mushaklar og‘rishi, qayt qilish va ishtahaning yo‘qolishi, tana haroratining yuqoriligi kabi ilk alomatlariga binoan bezgakka o‘xshab ketadi.
Ammo, uning ikkinchi bosqichi ham bo‘lib, virusni yuqtirgan kishilardan kamchiligi 24 soat ichida shu bosqichni boshidan kechiradi. Bunda bemorning ahvoli jiddiylashib, ko‘z, burun va og‘izdan qon kelishi, jigar va buyrak yetishmovchiligi kabi holatlar kuzatiladi. Tana sarg‘ayishi sababli, sariq bezgak deb ataladi. Ikkinchi bosqichga o‘tgan kishilarning aksariyati 3-4 kundan 14 kun ichida halok bo‘ladi. Hozircha, ushbu kasallikka qarshi emdori ishlab chiqilmagan bo‘lsa-da, undan shifo topgan kishilarda umrbod immunitet hosil bo‘ladi.