12 aprel kuni Yamanning Adan shahridagi futbol o‘yingohi ro‘parasida portlash sodir etilgan. Reyter agentligi ma'lumotiga ko‘ra, portlash natijasida 4 kishi halok bo‘lgan va 8 kishi jarohatlangan.
TASS agentligining ma'lumotiga ko‘ra, qurbonlar soni 5 nafar.
Guvohlar bu portlash xudkush jangari o‘zini portlatishi orqali sodir etilganini aytishgan. Taxmin qilinishicha, terakt maqsadi harbiy xizmatga ketayotgan yoshlarni yo‘q qilish bo‘lgan.
Hozircha hech qaysi tashkilot bu terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
Politsiya hodisa tafsilotlarini o‘rganmoqda.
Yamanda 2014 yilning avgustidan buyon hukumat tarafdorlari va isyonchi husiylar o‘rtasida ziddiyatlar davom etib kelmoqda. Sobiq prezident Ali Abdullaning tarafdorlari tomonidan tashkil etilgan "Ansor Alloh" nomli shia guruhi mamlakatning amaldagi prezidenti, sunniylar vakili bo‘lgan Abd Rabbo Mansur Hodiyni poytaxt Sanodan quvib yuborishgan. Isyonchilar ayni vaqtda mamlakatning g‘arbiy qismida nazorat o‘rnatishgan. Qonuniy prezidentni qo‘llab-quvvatlash uchun 2015 yilning 26 martida Yamanda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya kuchlari husiychilarga qarshi amaliyotlar o‘tkaza boshladi.
Ayni vaqtda mamlakat hududida "Al-Qoida" va "Jibhod an-Nusra" ham o‘z faoliyatini kengaytirib bormoqda.
Arab koalitsiyasi isyonchilarni mamlakatning ikkinchi yirik shahri Adandan surib chiqargan va ayni vaqda qonuniy hukumat aynan shu shaharda joylashgan.
Eron tomoni koalitsiya amaliyotlarini genotsidga tenglashtirgan.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan vaqt ichida 6,5 mingdan ortiq kishi Yamandagi nizolar qurboniga aylangan va 30 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.