Turkiyada portlash tufayli 1 kishi halok bo‘lib, 47 kishi jarohatlandi

Jahon 11:30 / 12.04.2016 1175

Turkiya janubi-g‘arbidagi Diyorbakir viloyatining Xani tumanida ro‘y bergan portlash tufayli bir nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan va 47 kishi jarohatlangan. Bu haqda Turkiya bosh shtabi ma'lumotida keltirilgan.

Xabar qilinishicha, Kurdiston ishchilar partiyasi jandarmeriya boshqarmasi binosida terakt uyushtirgan.

"11 aprel kuni kechasi, mahalliy vaqt bilan soat 23:10da (Toshkent vaqti bilan soat 01:10) Diyorbakirdagi Xani tumani jandarmeriya binosi oldida avtomobil portlagan. Natijada bir harbiy halok bo‘lib, 39 harbiy jarohat olgan. Shuningdek, harbiylarning oila a'zolari bo‘lgan 6 kishi va 2 nafar tinch aholi vakili jarohatlangan", deyiladi bosh shtab xabarida.

Turkiyada 2015 yilning iyulida hukumat va KIP (Kurdiston ishchilar partiyasi) o‘rtasidagi ziddiyatlar yangilanganidan keyin davom etib kelayotgan teraktlar va to‘qnashuvlar natijasida shu vaqtgacha 370 nafardan ortiq politsiyachilar va harbiylar halok bo‘lgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bu vaqt ichida tashkilotning 5 mingdan ortiq vakili yo‘q qilingani haqida ma'lumot bergandi.

Kurd Xalq demokratik partiyasi raisi esa bu nizolar davomida halok bo‘lganlarning aksar qismi tinch aholi vakillari bo‘lganini iddao qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: