Ekspertlarning fikricha, 2030 yilga borib, dunyoda sotiladigan avtomobillarning 30 foizini elektromobillar tashkil qiladi. Bu, o‘z navbatida, neft qazib oluvchi mamlakatlar uchun xavf sifatida ko‘riladi. Yaqin kelajakda elektromobillar sonining ortishi oqibatida benzin va dizel yoqilg‘ilarga talab keskin kamayib ketishi taxmin qilinmoqda.
Yaqin-yaqingacha elektr avtomobili deganda fantastik filmlardagi mashinalar ko‘z o‘ngimizda gavdalanardi. Ammo bugungi kunda elektromobillardan foydalanish urfga kirib bo‘ldi. Elektromobillarga qiziqish neft inqirozi kuzatila boshlagan o‘tgan asrning 70-yillarida paydo bo‘ldi. Ommaviy tarzda esa 90-yillarda ishlab chiqarila boshlandi. Elektromobillarni ishlab chiqarishga jahondagi barcha yirik kompaniyalar kirishib ketdi. To‘g‘ri hozircha, elektromobillar oddiy avtomobillar darajasiga yetib olgani yo‘q. Tezligi kamligi sabab haydovchilarning ko‘nglidan joy topa olganicha yo‘q. Ammo nima bo‘lganida ham, jahon avtomobil sanoatida elektromobillarga talab ortib bormoqda. Ayni damda bu sohada AQSh va Xitoy oldingi o‘rinlarni egallamoqda. 2015 yil bu borada keskin o‘zgarishlar davri bo‘lgani aytilmoqda. Tahlilchilarning fikricha, 2015 yilda jahon bozorida 600 mingta elektromobil sotilgan. Shundan 180 mingtasi AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. Xitoyda o‘tgan yili 2014 yilga nisbatan uch barobar ko‘p elektromobil sotilgan. Fevral oyida Xitoy Fan va texnologiyalar vaziri Van Gan bayonot berib “osmon osti mamlakati” 2015 yilda elektromobillar savdosi bo‘yicha jahonda birinchi o‘ringa chiqib olganini bildirdi. O‘tgan yili Xitoyda 370 mingdan ortiq elektromobil sotilgan. Ayni damda mamlakatdagi elektromobillar soni 497 mintani tashkil qiladi.
Germaniyalik avtoekspert, professor Shtefan Bratselning so‘zlariga qaraganda ishlab chiqaruvchilar tomonidan taklifning ko‘paygani Xitoyda elektromobillarning ko‘p sotilishiga sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, atmosfera havosining ifloslanishi bois Xitoyning yirik shaharlarida ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish ancha murakkablashmoqda. Bu, o‘z navbatida, elektromobillarga bo‘lgan talabning oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Elektromobillarning ommalashishiga quvvatlantiruvchi shoxobchalarning ham o‘rni katta. Bu kabi shoxobchalar yetishmas ekan elektromobillarga bo‘lgan talab ham ko‘paymaydi. Elektromobilga ega shaxslar uchun eng qulay mamlakat AQSh ekani tan olinadi. Bu mamlakatning g‘arbiy sohillaridagi San-Diyego, San-Frantsisko va Portlend shaharlarining har birida benzindan voz kechib elektromobillar xarid qilganlar uchun yuzdan ortiq “quvvatlantiruvchi” stansiyalar faoliyat yuritadi.
Shanxay rasmiylari 2020 yilga borib elektromobillarni quvvatlantiruvchi shoxobchalar sonini 10 barobar ko‘paytirshni rejalashtirmoqda. Bugungi kunda bu kabi shoxobchalar soni 21 ming 700 tani tashkil qiladi. To‘rt yildan keyin ularning soni 210 mingdan oshib ketishi kutilmoqda. Rasmiylarning rejasiga ko‘ra, har yettita elektromobil uchun kamida bitta maxsus quvvatlantiruvchi shoxobcha to‘g‘ri kelishi kerak.
Hozircha “ko‘hna qit'a” mamlakatlari bu sohada “okean orti” va “osmon osti mamlakati”dan ortda qolib ketgan. Ammo nisbatan ko‘p sotilayotgani ma'lum bo‘ldi. Buyuk Britaniyada so‘nggi bir yilda elektromobillar xaridi 16,5 mingtadan 28 mingtagacha oshgan. Fransiyada esa 16 mingtadan 27 mingtagacha yetgan. Bu ko‘rsatkich Norvegiyada 25 mingtani tashkil qildi. Yevropadagi eng yirik avtobozor bo‘lmish Germaniya oltinchi o‘rinda bormoqda. Bu mamlakatda 2014 yilda 13 mingta elektromobil sotilgan bo‘lsa, o‘tgan yili 23,5 mingta elektromobil xarid qilingan.
Tahlilchilarning fikricha, hozircha elektromobillarga talab kam bo‘lishiga qaramay, bu rusumdagi elektromobillar insoniyatning kelajagi ekani tan olinadi. Chunki elektromobillar ekologik toza energiyadan quvvatlanadi.
Yaqin-yaqinlargacha gazning benzindan afzalligi haqida ko‘p gapirilar edi. Endi esa matbuotda elektr dvigatelli avtomobillar haqida yozilmoqda. Shuni tan olib aytish kerakki, elektromobillar avtomobillardan avval paydo bo‘lgan. Elektromobil haqida ilk bor 1841 yilda gapirila boshlangan edi. Biroq o‘sha yillari transportning bu turi bir qator muammolar bilan to‘qnash keldi.
Bugungi kunda jahon mamlakatlarida elektromobillarga talab oshib bormoqda. Bunga bir necha yil avval neft narxining ko‘tarilishi ham sabab bo‘lgan edi. Bugungi kunda “qora oltin” narxi birdan tushib ketdi. Biroq elektromobillarga bo‘lgan talab kamayotgani yo‘q. Bunga asoslar ham bor.
Inglizlar transportning yangi turini “yashil avtomobil” deb atashmoqda.
Elektromobillar kundalik turmush tarzimizning bir qismiga aylanib borayotgani aniq. Endi ortga qaytishning iloji yo‘q. Yildan yilga yo‘llarda harakatlanayotgan elektromobillar soni ortib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, aynan elektromobillar kelajak transportiga aylanib bormoqda. Elektromobillarni rivojlantirish maqsadida hayotga yangidan yangi g‘oyalar, innovatsiyalar joriy etilmoqda. Ayni damda bir qator mamlakatlarda elektromobillarni xarid qiluvchilarni rag‘batlantirish maqsadida maxsus dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Ekologiyaga deyarli salbiy ta'sir ko‘rsatmaydigan elektromobillarning bir qator afzalliklari mavjud. Masalan, avtomobillarga nisbatan yoqilg‘i kamroq sarflanadi va harajati ozroq. Elektromobil atmosferaga zaharli gazlarni deyarli chiqarmaydi. Agar yo‘l transport hodisasi yuz bergudek bo‘lsa, elektromobillarda yong‘in chiqish ehtimoli juda ham kam.
Sharofiddin To‘laganov