Google X laboratoriyasi uchun robotlarni ishlab beruvchi Yaponiyaning Schaft startapi Tokioda bo‘lib o‘tgan New Economic Summit konferensiyasida yuk bilan tepalikka chiqa oladigan ikki oyoqli robotni taqdim etdi. Bu haqida Rakuten Today nashri xabar berdi.
NEST 2016 taqdimotini Schaft vakili Yuto Nakanishi, Android asoschisi va Google X’ning robotlarni yaratish bo‘limi sobiq rahbari Endi Rubin olib bordi.
Nakanishining so‘zlariga ko‘ra, bu robotlar 60 kilogrammgacha bo‘lgan yukni tashiy oladi, zinalardan ko‘tariladi va tusha oladi. Shuningdek, robot toshli yo‘llardan va qorning ustidan ham yuradi.
Schaft vakilining so‘zlariga ko‘ra, bunday robotlar arzon va kam energiya iste'mol qiluvchi yordamchilarga aylanadi, ammo hozircha ulardan qaysi sohalarda foydalanilishi ma'lum emas.
NEST 2016 taqdimotida ko‘rsatilgan videoda robot zinalarda, tog‘ yonbag‘rida va qirg‘oq bo‘ylarida bemalol yura olgan va uning oyoqlari ostiga quvurlar tashlanganda ham muvozanatni ushlab turgan. Robotlarga hozircha nom berilmagan va Google X vakillari bu taqdimotni yangi mahsulotning namoyishi deb o‘ylamasliklarini aytishgan.
Hozirgi kunda Rubin Playground Global texnologik inkubatorining bosh direktori lavozimini egallagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompyuter platformalarining avlodi har 10-12 yilda almashadi. Rubinning fikriga ko‘ra, mobil qurilmalar erasidan so‘ng sun'iy intellekt davri keladi va robotlar keyingi sanoat revolyutsiyasini amalga oshiradi.